bugungi kunda ot sportiga qiziqish jadallik bilan o‘sib bormoqda. Sirdaryo viloyati Guliston tumanida joylashgan «Bek chorva yilqichilik» f/x hududining 5 gektar maydonida viloyat hokimligi hamda milliy gvardiyaning viloyat bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda chavandozlar maktabi tashkil etilgan.
Butun dunyo bo‘ylab ot sportining bir qancha turlari mavjuddir. Ot sportining asosiy turlari: ot yo‘rttirish; konkur-ippik (to‘siqlardan sakrab o‘tishning yuksak turi); uch kurash (manejda yurish), dalada sinash (yo‘lda yurish, stipl-cheyz, kross) va to‘siqlardan sakrash; poyga, otda ov qilish, ot ustida mashq qilish va boshqalar. O‘zbekiston hududida Ot sporti taxminan 3 ming yillik tarixga ega. Uloq (ko‘pkari), olomon-poyga, «ag‘darish», «qiz quvdi» xalqning ommaviy milliy ot sporti o‘yinlari hisoblangan.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining ixtisoslashtirilgan o‘quv markazining dala o‘quv bazasiga joriy yilning 13 sentyabrida Halima Xudoyberdiyeva nomidagi maktab-internatining o‘quvchilari ishtirokida sayohat uyushtirildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati yilqichilik ot sporti va uloq- ko‘pkari federatsiyasi raisi Botirali Xoldorov ot sportini rivojlantirish uchun olib borilayotgan chora-tadbirlar hamda ot sportiga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotganligi, ot minish inson sog‘ligi uchun naqadar foydali ekanligi haqida yoshlarga keng ma’lumotlar berdi. So‘ng so‘zga chiqqan Sirdaryo viloyati chavandozlar maktabi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Bobur Aliqulov va Milliy gvardiya ofitseri Sardor Eshbekov musobaqa nizomlari, ot sporti turlari, bilim va ko‘nikmalari bilan o‘rtoqlashdi.

Chavandozlar ishtirokida ot poygasi, ot sport o‘yinlari va ot ustida kurash sport turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida otning xususiyatlari, ot minish va uni jilovlash, parvarish qilish va boqish sir-asrorlari o‘quvchi yoshlarga tushuntirildi.
So‘ngra Ijod maktabining direktori Muhammad Ismoil ot minib gulduros qarsaklarga sazovor bo‘ldi.
Tadbir so‘ngida yoshlar o‘zlarining ot sporti va chavandozlikka bo‘lgan qiziqishlari bo‘yicha barcha savollariga ijobiy javoblar olishdi.
Azamat Negmatulloyev,
Halima Xudoyberdiyeva nomidagi
ijod maktabi Yoshlar yetakchisi