English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh ijodkorlar asarlari “ARTmosfera”da
12:27 / 2025-07-11

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida “ARTmosfera” yoshlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Milliy banki hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada  O‘zbekiston Badiiy akademiyasi stajyorlari, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, “Kimyo” xalqaro universiteti, Sergey Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK) Toshkent filiali hamda Toshkent arxitektura-qurilish instituti talabalari ishtirok etmoqda. Noan’anaviy chiqishlar orqali tomoshabinlar yoshlarni qanday mavzular qiziqtirayotgani va ular o‘z g‘oyalarini san’at orqali qay yo‘sinda ifoda etayotganini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Ko‘rgazmada so‘nggi ikki yil mobaynida yosh rassomlar tomonidan turli yo‘nalishlarda yaratilgan asarlar namoyishga qo‘yilgan. Rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, installyatsiya, foto san’ati va video-art ishlari o‘ziga xosligi bilan kishi e’tiborini tortadi.  

[gallery-24261]

Yosh mualliflar o‘z asarlarida inson va tabiat, xotira va vaqt, urbanizatsiya va shahar hayoti, an’analar va ularning zamonaviy talqini, ichki dunyo hamda orzular, jamiyatdagi o‘zgarishlar va kelajak haqidagi qarashlar kabi mavzularga murojaat qilgan.  Ular turli texnika, materiallar bilan erkin tajriba qilib, o‘z fikri, kechinmalari, dunyoqarashini ifoda etgan. Asarlar an’analar, inson va tabiat munosabatlari, tez o‘zgarayotgan jamiyat hamda inson his-tuyg‘ulari, orzular, kelajakka umid haqida so‘zlaydi.

Yoshlar uchun ushbu ko‘rgazma o‘z asarlarini keng jamoatchilikka taqdim etish, tomoshabinlar fikrini eshitish, ijodiy yo‘lda ilk qadamlarini qo‘llab-quvvatlanishi va ilhom olish uchun muhim imkoniyat hisoblanadi.  

Ko‘rgazmaning ochilishida  faol va iqtidorli ishtirokchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Yoshlar rangtasvir, grafika, fotografiya, raqamli san’at va video-art, shuningdek, eng yorqin g‘oya, an’analarni qayta talqin qilish va ijtimoiy yoki ekologik san’atga qo‘shgan hissasi uchun qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi. 

Ko‘rgazma tomoshabinlar va yosh rassomlar uchun uchrashuv hamda muloqot maydoni sifatida xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Bu yerda tomoshabinlar rassomlar bilan yaqindan tanishib, ularga savollar berish, asarlar haqida fikr almashish imkoniga ega bo‘lmoqda.  

“ARTmosfera” joriy yilning 10 avgustiga qadar davom etadi.

Kamola YUSUPOVA,  

Muhammad AMIN (surat), O‘zA