Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh hokimning birinchi ish kuni qanday o‘tdi?
22:11 / 2024-01-07

Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan Dilmurod Rahimjonov Sirdaryo tumanidagi "Peng-Sheng" O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi va "Exeed" brendi ostida avtomobil ishlab chiqaruvchi "Asaka motors" zavodi faoliyati, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Hokim Intilish mahallasi faollari bilan ham uchrashdi. Bu yerda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida uchta suv minorasini o‘rnatish hamda 6 kilometr yangi tarmoq tortish ishlari deyarli yakuniga yetgan. Biroq elektr ta’minotiga ulanish bilan bog‘liq muammolar tufayli inshoot foydalanishga topshirilmagan. Ushbu masala "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi hamda pudratchi tashkilot o‘rtasida yakuniy hisob-kitoblar amalga oshirilgach, ijobiy yechimini topadigan bo‘ldi.

Mahalladagi yosh hunarmand Sirojiddin Adilov faoliyati o‘rganildi. U imtiyozli kredit olib, o‘z xonadonida mebel mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Hozir ustaxonada o‘n nafarga yaqin yosh "Ustoz-shogird" an’analari asosida hunar o‘rganmoqda.

Kunning ikkinchi yarmida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Rahimjon Boboyev hamrohligida Sayxunobod tumani aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazildi. Unda 20 nafarga yaqin fuqaroning ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiya ta’minoti, davolanish va jarrohlik amaliyotlari uchun moddiy yordam, uy-joy ta’miri va subsidiya ajratishga doir murojaatlari tinglandi. Ularning ma’lum qismiga shu kunning o‘zida ijobiy yechim topildi. Muddat talab etadigan murojaatlar esa tegishli mas’ullarga biriktirilib, ijrosi nazoratga olindi.

[gallery-15351]

Muxtasar aytganda, hududlardagi o‘rganishlar, aholi bilan bevosita muloqot, dastlabki tig‘iz ish kuni Dilmurod Rahimjonovda kuchli ishtiyoq uyg‘otibgina qolmay, balki rahbarlik mas’uliyatini yurakdan his etishida samarali omil bo‘ldi, deyish mumkin.

Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev (surat),

O‘zA muxbirlari