FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan yoshlar intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning tarixiy bilimlarini mustahkamlash, mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Intellektual o‘yinlar haftaligi” doirasida qator musobaqalar o‘tkazildi.
Jumladan, viloyatda faoliyat yuritayotgan kuch tuzilmalari – Mudofaa, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Davlat bojxona xizmatining yosh harbiy xizmatchilari o‘rtasida “Harbiylar ligasi” shaxmat musobaqasi va “Temur tuzuklari bilimdoni” viktorinasi tashkil etildi.
Musobaqalarda viloyatdagi 6 ta kuch tuzilmasidan 100 nafarga yaqin yosh harbiy xizmatchi ishtirok etdi.
Shaxmat bo‘yicha bellashuvlar alohida – erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tkazilib, har ikki yo‘nalishda 4 turdan iborat tartibda olib borildi.
[gallery-24469]
Ishtirokchilarning fikrlash tezligi, strategik yondashuvi va shaxmatdagi tajribasi yakuniy natijalarda muhim o‘rin tutdi.
Buyuk davlat arbobi Amir Temurning hayoti va faoliyati, “Temur tuzuklari” asarida bayon etilgan g‘oyalar va tamoyillarni yoshlar qalbiga singdirish, ularning tarixiy ongini mustahkamlash maqsadiga qaratilgan “Temur tuzuklari bilimdoni” viktorinasi ham qizg‘in bahslarga boy tarzda kechdi.
Intellektual bellashuv ikki bosqichda o‘tkazilib, har bir bosqichda 15 tadan, jami 30 ta tarixiy, madaniy va mantiqiy savollar o‘rtaga tashlandi.
Musobaqalar shiddatli va sog‘lom raqobat muhitida o‘tdi. Ishtirokchilarning bilim saviyasi, faolligi va tashabbuskorligi hakamlar hay’ati tomonidan alohida e’tirof etildi.
Yakunda har ikki yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, shuningdek, faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA