Vatanga muhabbat qalbdan boshlanadi, jasorat esa yoshlikdan tarbiya topadi. Yurtimizda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash va harbiy xizmatga qiziqishini oshirish borasida amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Yunusobod tumanida shunga mos ravishda harbiy-sport musobaqasi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan “Yosh gvardiyachi” musobaqasi haqiqiy jasorat va matonat maydoniga aylandi.
Milliy gvardiya harbiy qismlaridan birida o‘tkazilgan tadbirda 21, 72, 86, 235, 240, 271, 313 va 327-sonli umumta’lim maktablarining 100 nafardan ortiq o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi. 8 ta jamoa 7 ta shart bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.
Saf tayyorgarligida intizom va birdamlik, bilimlar bellashuvida zukkolik va hozirjavoblik namoyon bo‘ldi. Shartli yaralangan safdoshini tez tibbiy yordam ko‘rsatgan holda marraga yetkazish mashqi esa insonparvarlik va jamoaviylikka asoslanganini ko‘rsatdi. 10 kilogrammli yog‘och qutini ko‘tarib yugurish, o‘qdonga patron joylash, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish kabi bellashuvlar yoshlarning chidamliligi va harbiy ko‘nikmalarini namoyon qildi. Kamondan otish va turnikda tortinish bo‘yicha bellashuvlar esa yoshlarga o‘zgacha shijoat va ruh bag‘ishladi.
Har bir shartda g‘alaba uchun kurashgan o‘quvchilarning ko‘zlarida ishonch, qalblarida esa Vatanga muhabbat porlab turdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqa yakuniga ko‘ra, 240-sonli maktab jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. 2-o‘rin 271-sonli maktab, 3-o‘rin esa 313-sonli maktab o‘quvchilariga nasib etdi.
G‘oliblar va faol ishtirokchilar Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari tomonidan diplom, kubok va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OsQvMdslR68" title="“Yosh gvardiyachi” musobaqasi g‘oliblari aniqlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA