Yosh gandbolchilarimizdan sensatsion gʻalaba
Yigitlarimiz U-18 jahon kubogida Daniyani magʻlub etdi
Yigitlarimiz U-18 jahon kubogida Daniyani magʻlub etdi
Italiyaning oʻziga xos sayyohlik markazlaridan boʻlmish Teramo shahrida gandbol boʻyicha U-18 yosh toifasidagi jahon kubogi bahslari boshlandi. Bu haqda Oʻzbekiston MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur musobaqada Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi ham ishtirok etmoqda. Quvonarli jihati, hamyurtlarimiz musobaqani sensatsion gʻalaba bilan boshladi. Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi aʼzolari jahon kubogidagi ilk uchrashuvida gandbol vatani hisoblanmish daniyalik tengqurlariga qarshi parketga tushdi. Uchrashuv hamyurtlarimizning katta ustunligida oʻtib, yakunda 30-9 hisobi qayd etildi, tabiiyki Oʻzbekiston foydasiga.
Shuni taʼkidlash joiz, Daniyaning kattalar terma jamoasi amaldagi jahon chempioni boʻlib, ushbu yurt gandbolchilari hamisha dunyo birinchiliklarida favoritlar qatorida eʼtirof etiladi.
Musobaqa reglamentiga koʻra, turnir davraviy tizimda oʻtkaziladi. Hamyurtlarimizni oldinda Gretsiya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Polsha va Ruminiya yoshlar terma jamoalariga qarshi kechadigan bahslar kutib turibdi.