Rossiya Federatsiyasining Tolyatti shahrida gandbol bo‘yicha an’anaviy xalqaro bolalar festivali start olmoqda. MDH mamlakatlarining 20 dan oshiq jamoalari ishtirok etayotgan mazkur turnirda O‘zbekistonning 9 ta gandbol jamoasi sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Musobaqa uchun tashlangan qur’a natijasiga ko‘ra, 2009 – 2010 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar birinchiligining “A” toifasida qatnashadigan Andijon viloyati “Ye” guruhidan, Xorazm viloyati yosh gandbolchilari “F” guruhidan joy oldi. Ushbu yosh toifasidagi qizlar birinchiligining “V” toifasida bahs yuritadigan Sirdaryo viloyati jamoasi “B” guruhida, Toshkent shahri va viloyati jamoasi “D” guruhida o‘ynaydigan bo‘ldi. Musobaqaning 2011 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar birinchiligida Surxondaryo va Namangan viloyati, qizlar musobaqasida Toshkent shahri gandbolchilari, 2012 yilda tavallud topgan o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari o‘rtasidagi musobaqalarda Andijon va Namangan viloyati vakillari Tolyatti gandbol festivalida ishtirok etmoqda.
Bolalar festivali o‘yinlari 7 iyunga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA