Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida yoshlarning faolligi ortib bormoqda. Ular yangi g‘oyalar va zamonaviy texnologiyalar yordamida hosildorlikni oshirishga intilmoqda. Shu bois, yosh fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga moliyaviy yordam ko‘rsatish va innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish alohida ahamiyatga ega. “Pharma Park”da yosh fermerlar va tadbirkorlarning innovatsion g‘oyalari hamda tashabbuslarini muhokamasiga qilishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda davlat idoralari, tashkilotlar rahbarlari, sohaviy ekspertlar va yoshlar ishtirok etdi. O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari, O‘zbekiston fermerlari kengashi raisi Aktam Haitov yosh fermerlarni qo‘llab-quvvatlash dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi.
Prezidentimizning 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida yosh fermerlarning muammolarini tizimli o‘rganish va ularga amaliy yordam ko‘rsatish vazifasi belgilangan.
Mazkur qaror doirasida keyingi yillarda qator muhim ijobiy natijalarga erishildi. “Agrosubsidiya” tizimi orqali 242,6 milliard so‘m subsidiya ajratildi, fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali esa 75 milliard so‘m yo‘naltirildi. Bu tadbirlar natijasida jami 847,6 ming fuqaro, jumladan, 126,1 ming xotin-qiz bandligi ta’minlandi.
Seminarda yosh fermerlarning ehtiyojlari va ular oldida turgan muammolarni hal etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ushbu jarayonda besh asosiy yo‘nalish — yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish, innovatsion va agrotexnologik yechimlarni joriy etish, suv va yer resurslaridan samarali foydalanish alohida e’tiborga olindi.
Shuningdek, tadbirda bozor imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shimcha qiymat yaratish hamda amaliy muloqot va tajriba almashish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida faol yosh fermerlar taqdirlandi va grant hamda investitsiya loyihalari bo‘yicha tanlov e’lon qilindi. Bu tashabbus yoshlarning ilg‘or g‘oyalarini amalga oshirishda muhim qadam bo‘ladi.
M.Hojiakbarova, O‘zA