Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida Sirdaryo viloyatining Shirin shahar sport maktabi akademik eshkak eshish yo‘nalishi sportchilari zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Sport vazirligi va Rowing Canoe federatsiyasi tashabbusi bilan maktabga 3 ta ikki kishilik, 2 ta yakka, 2 ta to‘rt kishilik va 1 ta sakkiz kishilik qayiq, shuningdek, 30 juft va 10 ta toq eshkak topshirildi.
Topshirish marosimida shahar hokimi Niyoz Hazratqulov, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, murabbiylar hamda sportchilar ishtirok etdi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, ushbu anjomlar mashg‘ulotlar samaradorligini oshirib, yosh sportchilarning xalqaro maydonlarda munosib ishtirokini ta’minlaydi.

So‘nggi yillarda Shirin shahrida akademik eshkak eshish jadal rivojlanmoqda. Yoshlar orasida qiziqish ortib, iqtidorli sportchilar yetishib chiqmoqda. Maktab rahbarining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning o‘zida ular respublika chempionati va kuboklarida jami 28 ta medalni qo‘lga kiritishdi — 12 ta oltin, 10 ta kumush va 6 ta bronza. Bundan tashqari, 20 nafar yosh sportchi milliy terma jamoa asosiy tarkibiga qabul qilingan, yana 5 nafari zaxirada.

Akademik eshkak eshish tashqi ko‘rinishdan oddiy tuyulsada, u yuqori texnik mahorat va mukammal infratuzilmani talab qiladi. Shu bois, zamonaviy qayiq va anjomlar sportchilar tayyorgarligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

– Bugun maktabimiz uchun o‘ziga xos tarixiy kun. Berilgan zamonaviy qayiq va eshkaklar nafaqat mashg‘ulotlar samaradorligini oshiradi, balki yoshlarimizning orzularini ro‘yobga chiqarishda mustahkam zamin yaratadi. Suv sporti katta sarmoya va mehnat talab qiladi. Davlatimiz rahbariyati va federatsiyaning bunday qo‘llab-quvvatlovi bizga kuch va shijoat bag‘ishlaydi. Ishonchimiz komilki, ushbu anjomlar yordamida sportchilarimiz yanada ko‘proq medallarni qo‘lga kiritadi, Sirdaryo nomini xalqaro musobaqalarda baland yangrashiga zamin hozirlaydi, – deydi sport maktabi direktori Zafar To‘xtarov.
Mazkur maktab tarbiyachilari orasida dunyoning yirik musobaqalarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan sportchilar bor. Xususan, “Rio–2016” va “Tokio–2020” Olimpiadalarida qatnashgan Shahboz Xolmirzayev hamda “Parij–2024” Olimpiadasi ishtirokchisi Anna Prakatent aynan shu yerda sport sirlarini o‘rgangan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri