FOTOREPORTAJ
“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ tomonidan o‘tkazilgan festivalda tizimda mehnat qilayotgan 400 nafardan ortiq yigit-qiz ishtirok etdi.
Festival doirasida yoshlar faolligida qator madaniy, sport va intellektual tadbirlar tashkil qilindi. Ular orasida “Zakovat” intellektual o‘yini, kamondan o‘q otish musobaqasi, kibersport bellashuvi, rahbariyat bilan ochiq muloqot alohida o‘rin tutadi.
[gallery-24257]
Quvasoy shahrida Ahmad al-Farg‘oniy nomidagi dam olish maskanida o‘tgan “Zakovat” o‘yinida 120 nafar yosh energetik bilim va tafakkurda kuch sinashdi. Musobaqa davomida ishtirokchilar tarix, madaniyat, texnika, energetika sohasi hamda mantiqiy savollar asosida jamoaviy yakdillik va tezkorlikni namoyish etdilar. Kamondan o‘q otish musobaqasida esa 40 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Xuddi shunday, kibersport bahsi yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish va axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Festival doirasidagi “Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Bosh direktori Azizbek Saydaliyev va yosh xodimlar o‘rtasida kechgan samimiy muloqotda kasbiy o‘sish, ijtimoiy sharoitlar, ta’lim va tajriba almashinuvi kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tadbir yakunida intellektual va sport bellashuvlarida yuqori natijalarga erishgan g‘olib jamoalar tantanali tarzda taqdirlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA