Yosh dzyudochilarimiz Osiyo-Okeaniya chempionatida peshqadam
Xabar berganimizdek, shu kunlarda Livan poytaxti Bayrut shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo-Okeaniya chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.
Qit’a chempionatining birinchi kunida o‘smirlar o‘rtasida 8 ta vaznda g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi. Dzyudochilarimiz 8 ta vaznda 9 ta medal qo‘lga kiritdi. Shudan 5 tasi oltin, 3 tasi kumush, 1 tasi esa bronza medallari, deya xabar bermoqda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati.

Ahamiyatlisi, birinchi kungi bellashuvlar natijasiga ko‘ra, mamlakatimizning yosh dzyudochilari umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallab turibdi. Qozog‘istonliklar 3 ta oltin, 4 ta kumush, 1 ta bronza bilan ikkinchi pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, 1 ta kumush, 2 ta bronzaga ega hindistonlik sportchilar kuchli uchlikka yakun yasashgan.
Osiyo-Okeaniya chempionati musobaqalari 5 dekabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA