Bosniya va Gersegovinaning Sarayevo shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati yakuniga yetdi.
E’tiborlisi, mamlakatimiz o‘smirlar terma jamoasi 61 ta davlatning 500 nafarga yaqin dzyudochilari ishtirok etgan chempionat yakkalik bahslarida 1 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza medaliga ega chiqqan holda umumjamoada 4-o‘rinni egalladi.
Yakkalik bellashuvlarida qizlar o‘rtasida 70 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Barchinoy Qodirova chempionatning oltin medalini qo‘lga kiritdi. Barchinoy ushbu natija bilan Diyora Keldiyorovadan so‘ng o‘smirlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan ikkinchi o‘zbekistonlik dzyudochi qizga aylandi.
Sarayevo tatamilaridagi murosasiz kurashlarning biz uchun yana bir e’tiborli “dueli” 90 kilogramm vaznda ishtirok etgan Abbos Shermahmatov bahsida kuzatildi. Agar u hal qiluvchi uchrashuvda vengriyalik Peter Kenderesidan oltin medalni tortib ola bilganda O‘zbekiston umumjamoa ko‘rinishida 2-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lar edi.
Chempionatning jamoaviy bahslarida O‘zbekiston jamoasi ishonchli harakat qildi. Saralashlarni muvaffaqiyatli o‘tkazgan hamyurtlarimiz bronza medali uchun kechgan kurashda Tunis vakillarini 4:0 hisobida dog‘da qoldirdi va terma jamoamiz uchun to‘qqizinchi medalni hadya etdi.
Aytish lozim, umumiy medallar sarhisobiga ko‘ra, vakillarimiz jahon chempionatini 4-o‘rin bilan yakunlab, yangi tarix yaratdi. Shu bilan birga medallar soni jihatdan barcha jamoalardan eng ko‘p sovrinli o‘rinlarga ega chiqqanligi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Bunday deyishimizga sabab, umumjamoada oltin medallar hisobi bo‘yicha yetakchilikka erishgan Fransiya, Gruziya, Yaponiya jamoalari eng ko‘pi bilan 6-7 ta medallar jamlanmasiga ega chiqqan fursatda iste’dodli dzyudochilarimiz 9 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi.
Bu, mamlakatimiz dzyudochilarining yangi avlodi bo‘y ko‘rsatayotganligidan, ular yaqin kelajakda jahon sport maydonlarida o‘z so‘zlarini yanada baland nuqtalardan aytishidan dalolat.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA