Guliston shahrida joylashgan DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda Sirdaryo viloyatidagi "Yosh chegarachilar" o‘rtasida harbiy vatanparvarlik sport musobaqasining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk yoshlarning o‘sishini ta’minlash, harbiy kasbga va oliy harbiy ta’lim muassasalariga yo‘naltirish maqsadida tashkil etilgan mazkur musobaqada Sirdaryo viloyatining chegaraoldi hisoblangan shahar va tumanlaridan 5 ta jamoa qatnashdi.


Musobaqa 3 ta asosiy shart bo‘yicha o‘tkazildi. O‘quvchi-yoshlar fizik tayyorgarlik, harbiy bilim va amaliy mashqlarini sinovdan o‘tkazdi.
Natijaga ko‘ra, Shirin shahridan tashrif buyurgan yoshlar 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Xovos tumani o‘quvchi-yoshlari 2-o‘rinni, Oqoltin tumani o‘quvchi-yoshlari esa 3-o‘rinni egalladi. G‘olib jamoalar mas’ul tashkilotlar tomonidan qimmatbaho sovg‘a va diplomlar bilan taqdirlandi.



Ta’kidlash kerakki, ushbu musobaqa yoshlar orasida harbiy xizmat va chegarani muhofaza qilishga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yoshlar orasida vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, shuningdek, sog‘lom turmush tarziga ishtiyoqni rivojlantirish uchun muhim omil hisoblanadi. Yoshlarning harbiy kasbga ishtiyoqini mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri