Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Yosh chegarachilar" musobaqasi g‘oliblari taqdirlandi
17:16 / 2025-05-17

Bugun akademik M.Mirzayev nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti dala maydonida "Yosh chegarachilar" harbiy-vatanparvarlik musobaqasining Respublika bosqichi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Uch kun davom etgan musobaqaning yakuniy tadbirida DXX Chegara qo‘shinlari rahbariyati, hamkor tashkilotlar vakillari, faxriylar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. 

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur musobaqa O‘zbekiston Respublikasi chegaraoldi hududlaridagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan chaqiriqqacha tayyorgarlik yoshidagi o‘quvchilarni Vatanga sadoqat, harbiy burchga hurmat va fidoyilik ruhida tarbiyalash, ularni chegara xizmatiga qiziqtirish hamda bosqichma-bosqich tayyorlab borish maqsadida tashkil etilgani ta’kidlandi.

[gallery-23413]

Marosim avvalida DXX Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan Vatanga muhabbat, sadoqat va mehr-oqibat tuyg‘ularini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi elementlari asosidagi ko‘rgazmali chiqishlar barchaga birdek manzur bo‘ldi.

Shundan so‘ng musobaqa g‘olib va sovrindorlari diplom, kubok, medal, esdalik hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Musobaqa natijalariga ko‘ra:

1-o‘rin — Andijon viloyati Marhamat tumani 2-umumta’lim maktabining "Temurbeklar" jamoasiga;

2-o‘rin — Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani 8-umumta’lim maktabining "Vatanparvar" jamoasiga;

3-o‘rin — Sirdaryo viloyati Shirin shahri 4-umumta’lim maktabining "Burgutlar" jamoasiga nasib etdi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqaning Respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan tashrif buyurgan 13 ta jamoa, jami 130 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Ulardan 26 nafari qizlar. Ishtirokchilar bilimlar sinovi, AKM avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish, 100 va 1000 metrga yugurish, turnikda tortilish hamda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi o‘ndan ortiq shart bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.

Umidjon Qurbonov,

Asliddin Ali (surat),

O‘zA