Bugun erta tongdan "Yosh chegarachilar" harbiy-vatanparvarlik musobaqasi Respublika bosqichining tantanali ochilish marosimi akademik M. Mirzayev nomli ilmiy tadqiqot instituti dala maydonida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari mas’ul ofitserlari, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va boshqa hamkor tashkilotlarning vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizning chegaraoldi hududlaridagi umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchi yoshlarni Vatanga muhabbat va harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash hamda chegara xizmatiga qiziqtirgan holda bosqichma-bosqich tayyorlab borishda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan "Yosh chegarachilar" harbiy-vatanparvarlik musobaqasining ahamiyati yuqori ekanini ta’kidlab o‘tdilar.
Ishtirokchi jamoalarga omad tilangach, musobaqa shartlariga start berildi. Dastlabki shart jamoalarning safda shahdam qadamlar bilan yurish va qo‘shiq aytib o‘tish ko‘nikmasining qay darajada shakllanganini sinovdan o‘tkazdi. Ta’kidlash kerakki, ushbu shart davomida yoshlarning shijoati, tayyorgarlik darajasi, ayniqsa saf qo‘shiqlarini tanlashga o‘zgacha yondashib, vatanparvarlik ruhiyatini aks ettiruvchi matnlar tanlangani hakamlar hay’ati tomonidan e’tirof etildi.
Navbatdagi shart jamoalarning musobaqa uchun tayyorlab kelgan maxsus harbiy liboslari, albomlar, vimpel va Kalashnikov avtomati maketlari ko‘rikdan o‘tkazildi. O‘g‘il-qizlar ushbu shartda ham o‘zaro jipsliklarini, liboslarni tanlashda ramziy ma’nolarga alohida e’tibor qaratganliklari hamda o‘z jamoalarini tanishtirish jarayonida yuqori notiqlik mahoratlarini namoyon etdilar. Musobaqalar qizg‘in va do‘stona ruhda davom etmoqda.