Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"Yosh chegarachilar" harbiy-vatanparvarlik musobaqasining Respublika bosqichi ishtirokchilari poytaxtimizga yetib keldi
20:40 / 2024-05-14

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari,  Maktabgacha va maktab  ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Mahallalari Uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Sport, Madaniyat va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Ichki ishlar vazirligi  Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan "Yosh chegarachilar" harbiy-vatanparvarlik sport musobaqasining 2024 yilgi mavsumi, yakuniy Respublika bosqichi ishtirokchilari bugun erta tongdan poytaxtimizda kutib olindi.

Respublikamizning olis chegaraoldi hududlaridan yetib kelgan o‘quvchi yoshlar dastlab, Toshkent shahrining diqqatga sazovor maskanlari bilan yaqindan tanishdilar. Ilk manzil buyuk sarkarda, harb ishining mohir bilimdoni, Sohibqiron Amir Temur va uning avlodlari tarixidan so‘zlovchi "Temuriylar tarixi" Davlat muzeyi bo‘ldi. 

Moziydan so‘zlovchi eksponatlar, tarixiy qo‘lyozma va buyumlar yoshlarni o‘sha davr ruhiyatiga yaqinlashtirgan bo‘lsa, Temuriylar shajarasi va "Temur tuzuklari" tarixiy-memuar asarining yaratilishi tarixi haqidagi  ma’lumotlar ularni buyuk sarkarda hayoti va faoliyatining yangi jihatlari bilan tanishtirishga xizmat qildi.  Yosh chegarachilarning poytaxtimiz bo‘ylab sayohati davom etmoqda.

Bugun erta tongdan poytaxtimizga yetib kelgan "Yosh chegarachilar" harbiy-vatanparvarlik musobaqasi ishtirokchilari tushlikdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi "G‘alaba bog‘i"  yodgorlik majmuasida bo‘ldilar. 

[gallery-17406]

Ta’kidlash kerakki, Ikkinchi jahon urushi yillarida front va front ortida cheksiz jasorat namunalarini ko‘rsatgan buyuk xalqimizning matonatidan hikoya qiluvchi ushbu yirik majmua ertamiz egalarida katta taassurot qoldirdi. Hududda joylashgan "Shon-sharaf" Davlat muzeyi eksponatlari ham yoshlarga vatandoshlarimizning ko‘rsatgan qahramonliklari minnatdor avlodlar qalbida mangu xotira sifatida abadiy muhrlanib qolishini namoyon etdi. 

Shuningdek, "Musaffo osmon" shiori ostida o‘tkazilgan davra suhbati davomida majmua rahbariyati tomonidan ishtirokchi qizlarga yigitlar bilan bir jamoada musobaqa shartlarini bajarishda ko‘rsatayotgan shijoatlari uchun “Tashakkurnoma”lar ham topshirildi. 

Ma’lumot o‘rnida: musobaqada butun respublikamiz bo‘ylab yakuniy bosqichga yetib kelgan 13 ta jamoa tarkibida har birida 2 nafardan jami 26 nafar o‘quvchi qizlar ishtirok etmoqda. Yorqin taassurotlarga boy tarzda o‘tgan dastlabki kun o‘g‘il-qizlarga katta shijoat va ko‘tarinki ruh bag‘ishladi. 

Eslatib o‘tamiz, ertaga - 15 may kuni Akademik M. Mirzayev nomli ilmiy-tadqiqot instituti dala maydonida "Yosh chegarachilar" harbiy-vatanparvarlik musobaqasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi va musobaqa shartlariga start beriladi. Barcha ishtirokchi jamoalarga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!

O‘zA