Musobaqa shartlarida birin-ketin qatnashib kelayotgan yoshlar jamoaviy tarzda o‘g‘il bolalar 1000 metrga yugurish va turnikda tortilish, qizlar esa 100 metrga yugurish mashqlarini zo‘r g‘ayrat va shijoat bilan bajardilar.
Havbatdagi - "Bilimlar sinovi" sharti esa, yosh chegarachilarning intellektual salohiyatlarini namoyon etishga xizmat qilgan bo‘lsa, AKM avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish jarayonida ertamiz egalarining qay darajada epchil va chaqqon ekanliklari sinovdan o‘tkazildi. Ushbu shartni bajarish davomida ayniqsa, ishtirokchi qizlarning mahorati yuqori darajada bo‘lgani hakamlar hay’ati tomonidan e’tirof etildi.




Kun davomida bajarilgan shartlarning so‘nggisi bu - fotoelektron o‘q otish tirida amalga oshirilgan o‘q otish sinovlari bo‘ldi. Ushbu shartda ishtirokchilar o‘z merganlik mahoratlarini namoyon etdilar.
Ta’kidlash kerakki, musobaqa rejasiga ko‘ra yosh chegarachilar uchun madaniy-hordiq tadbirlari ham tashkil etiladi. Bugun bo‘lib o‘tgan ma’naviy tadbir davomida yoshlarga Javlon Jovliyevning shu nomli romani asosida rejissyor Erkin Bozorov tomonidan tasvirga olingan "Qo‘rqma" nomli hujjatli film namoyish etildi. Ma’rifatparvar jadidlarning ezgu g‘oyalari va shu bilan birga ayanchli qismatidan hikoya qiluvchi ushbu film, o‘quvchi yoshlarga millat taraqqiyoti, uning gullab-yashnashi va nurli kelajagi uchun barcha birdek xizmat qilishi kerak degan g‘oyani singdirishga xizmat qildi.






Eslatib o‘tamiz, musobaqa ishtirokchilari ertaga kun davomida harbiylashtirilgan estafeta shartlarida o‘zaro bellashadilar.
O‘zA