FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyining yangi binosi 210 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, uni bunyod etish va jihozlash uchun 62,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
[gallery-9125]
Keng, yorug‘ o‘quv-mashg‘ulotlar xonalari, fan kabinetlari, laboratoriyalardan tashqari bu yerda barcha qulayliklarga ega yotoqxona, oshxona, sport zali va maydoni, 10 ming 460 dan ortiq kitob fondiga ega axborot-resurs markazi barpo etildi.
Ayni paytda litseyda 200 dan ortiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Ularning 100 nafari joriy yilda jismoniy, psixologik va yozma ish hamda Davlat test markazi sinovlari orqali qabul qilindi. O‘quvchilarga aniq va ijtimoiy fanlar chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitiladi.
Mamlakatimizda yagona sanalgan harbiy-akademik litseyi o‘quvchilari ta’lim dargohi ish boshlagan o‘tgan o‘quv yilidanoq yaxshi natijalarga erisha boshladi. Qator iqtidorli o‘quvchilar ta’lim jarayonlarini puxta o‘zlashtirib, tengdoshlariga o‘rnak bo‘lmoqda.
Aytish o‘rinliki, mamlakatimizda yosh avlodni chegara xizmatiga qiziqtirish va ularning Vatan himoyasiga hamisha shay turishi uchun uch bosqichli kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shunga muvofiq birinchi bosqichda yurtimizning chegara oldi hududlarida “Yosh chegarachilar” klublari tashkil etilib, ular bilan harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ikkinchi bosqichda “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida tajriba va mahorat oshirayotgan bo‘lsa, uchinchi bosqichda DXX va Qurolli Kuchlar akademiyalari hamda nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyati yaratilgan.
O‘zA fotomuxbiri
Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar.