Yosh chavandozlarimiz Osiyoda uchinchi(mi?)
Yakshanba kuni Qozog‘istonning Olmaota viloyatida chavandozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari yakuniga yetdi.
Yakshanba kuni Qozog‘istonning Olmaota viloyatida chavandozlik bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari yakuniga yetdi.
Unda qit’amizning o‘ndan ortiq davlatidan kelgan chavandozlarimiz tulporlar bilan bog‘liq qadimiy milliy o‘yinlar, ya’ni uloq-ko‘pkari, ot ustida kurash, tanga iluv va ot ustida kamondan otish bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdi. Yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionatida vatanimiz sharafini murabbiy Sherali Bekqulov boshchiligidagi 14 nafar sportchi himoya qildi.
Ko‘pkari bahslarida vakillarimiz guruh bosqichida mezbon Qozog‘iston terma jamoasiga yutqazib qo‘ydi va 2-o‘rinni egalladi. Musobaqa nizomiga ko‘ra guruh g‘oliblari chempionlik uchun kurashsa, 2-o‘rin sohiblari bronza medali uchun bahslashardi. Shu tariqa o‘zbekistonlik chavandozlar bronza medali uchun narigi guruhda 2-o‘rinni egallagan Xitoy terma jamoasi bilan kuch sinashdi va ishonchli g‘alabaga erishdi. Ushbu yo‘nalishda oltin medal kutilganidek Qozog‘iston terma jamoasiga nasib etdi, mo‘g‘ulistonlik chavandozlar esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Osiyo chempionatining ot ustida kurash yo‘nalishida o‘tkazilgan bahslar ham murosasiz kechdi. Unda hamyurtlarimiz ham ikkita kumush medalga sazovor bo‘ldi. Jumladan, 70 kg.gacha bo‘lgan vazn toifasida hamyurtimiz Mirzohid Soliev hal qiluvchi bellashuvda mezbon sportchi Normaganbet Imong‘ozuliga imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, yana bir vakilimiz Sunnatilla Quvondiqov 80 kg.gacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi bahslarda qozog‘istonlik Og‘abek Gabitdan yengildi va u ham kumush medal bilan taqdirlandi. Umumjamoa hisobida ham O‘zbekiston terma jamoasi 3-o‘rinni egalladi.
Bugun erta tongda sportchilarimiz Toshkent avtovokzalida tantanali kutib olindi.
- Dunyoning o‘ndan ortiq mamlakati sportchilari orasida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan sizdek sportchilarimiz bilan faxrlanamiz. Umid qilamizki, xalqaro maydonlarda har tomonlama toblangan yoshlarimiz joriy yil Turkiyaning Istambul shahri mezbonlik qiladigan dunyo ko‘chmanchilar o‘yinlarida ham munosib ishtirok etishadi. Bu yo‘lda sizlarga barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz, - dedi O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi raisi Bahrom G‘ofurov.