Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh bokschilarimiz Minsk ringlarida jang o‘tkazmoqda
16:04 / 2022-06-16

Shu kunlarda Belarusning Minsk shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Vladimir Botvinnik xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir o‘tkazilmoqda.

Unda Rossiya, Latviya, Litva, Belarus, Sloveniya kabi yetakchi davlat vakillari qatori Bekzod Xidirov murabbiyligidagi mamlakatimiz o‘smirlar terma jamoasining 10 nafar yosh bokschilari qatnashmoqda.

Belarus boks federatsiyasi ijrochi direktori Denis Sabalevskiy jurnalistlarga bergan intervyusida jahon boksining yetakchi mamlakatlaridan biri O‘zbekiston vakillari «Minsk-Arena» ringlarida jang o‘tkazayotganligi turnir nufuzi, musobaqa shiddatini ta’minlayotganini ta’kidlagan.

O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Bekzod Xidirovning Belarusdan xabar qilishicha, turnirda qatnashayotgan charm qo‘lqop ustalari orasida asosiy terma jamoadan o‘rin olishga da’vogar yoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning xalqaro musobaqalarda tizimli qatnashishi esa texnik-taktik mahorati oshishiga, musobaqa ko‘nikmasi sayqallanishiga xizmat qiladi.

Minskdagi bahslarda hamyurtlarimizdan T. Suponov(46), I. G‘iyosov(48), I. Ergashev(50), N. Allaberganov(52), S. Olimov(52), A. Ahmadov(57), A.Tohirov(63), E. Ikromov(66), A. Abdurahimov(70), X. Mamasoliyev(+80) o‘z vaznlaridagi saralash janglarida ishtirok etmoqda.

Xalqaro turnirning g‘olib va sovrindorlari nomi ertaga – 17 iyun kuni e’lon qilinadi.

T. Ro‘ziyev. O‘zA