Boks va og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zolari joriy yilning 22-31 oktyabr kunlari Bahraynda o‘smirlar o‘rtasida o‘tadigan III Osiyo o‘yinlariga tayyorlarlikni Ulan-Batorda Mo‘g‘uliston terma jamoalari bilan hamkorlikda o‘tkazadi.
Bu haqda bugun O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudovning Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar ishlari vazirligi mutasaddilari bilan uchrashuvida e’lon qilindi.

Sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudovning Mo‘g‘ulistonga uyushtirgan safari davomida ushbu mamlakat Madaniyat, sport, turizm va yoshlar ishlari vazirligi rahbariyati bilan ikki mamlakat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, sport sohasida hamkorlikni amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qildi.
Shuningdek, Mo‘g‘uliston Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi E.Bilegt bilan muloqot chog‘ida boks va og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya va jahon chempionlarini tayyorlash, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, iqtidorli sportchilarni tayyorlashning yangicha tizimlarini joriy etish, “Bahrayn-2025” Osiyo o‘smirlar o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonlari tahlil etildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA