Navoiy shahridagi 16-umumta’lim maktabida viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan “Yosh bojxonachilar” forumi o‘tkazildi.
Boshqarma boshlig‘i Doniyor Yusupov yoshlarimizni har tomonlama yetuk, bilimli va komil inson qilib tarbiyalash, ularning barcha huquq va erkinliklari, imkoniyat va manfaatlarini himoya qilishda tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilayotganligi haqida so‘zladi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlar ko‘lami katta. Bugungi kunda yurtimizning har bir hududida mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallayotgan yoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi.
Islohotlar natijasida bojxona organlarida ham yoshlarimizning professional bojxona xodimi bo‘lib shakllanishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda.
So‘nggi bir yilda boshqarmada 5 nafar yosh xodim xorijiy tillarni o‘zlashtirganlik to‘g‘risidagi sertifikatga, 2 nafar xodim esa axborot -kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi.
Maktab o‘quvchilarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, bojxonachi kasbiga bo‘lgan qiziqishini yanada rivojlantirish maqsadida maktablarda qonun hujjatlari mazmunini tushuntirishga qaratilgan “Yangi O‘zbekiston bojxonasi” burchaklari tashkil etilib, “Bojxona olami” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi ishlab chiqildi va barcha maktab kutubxonalariga tarqatildi. O‘quvchilar uchun “Yosh bojxonachi” to‘garaklari, “Bojxona bilimdoni” ko‘rik-tanlovi hamda bojxona postlarida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilmoqda.
Tadbir ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, o‘quvchilar va bojxona xodimlari tomonidan bir qator taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.
Uchrashuv so‘nggida faol maktab o‘quvchilari hamda yosh bojxona xodimlariga boshqarmaning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri