Bojxona qo‘mitasi tomonidan “Yosh bojxonachilar forumi” bo‘lib o‘tdi.
Forumning ochilishida Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda fidoyi, vatanparvar yoshlarning kuch-g‘ayrati va azmi shijoatiga suyanilishini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda yurtimizdagi islohotlar doirasida bojxona organlarida ham yoshlarimizning professional xodim bo‘lib shakllanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Tizimda xizmat qilayotgan xodimlarning 27 foizini yoshlar, 9 foizini kursantlar tashkil etadi. Ulardan 4 nafari Vatanimiz ravnaqiga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldi. 258 nafar yoshlarga uy-joy sotib olish, yashash sharoitlarini yaxshilash hamda ijara to‘lovlari uchun 6 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi, 200 nafar yoshlarga esa o‘zlari va yaqin qarindoshlarining sog‘lig‘ini tiklash hamda to‘y marosimlarini o‘tkazish uchun 1,6 mlrd. so‘m ajratildi.

Hozirda Bojxona institutining 10 nafar kursantlari Xitoyning Shanxay bojxona kollejida bir oy davomida o‘z bilimlarini oshirib, xorijiy tajribani o‘rganmoqda.
Bojxona organlarida xizmat qilayotgan yoshlarning bilim olishlari, o‘z salohiyatlarini namoyon etishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar natijasida 8 nafar yosh bojxonachilar hozirgi kunda Buyuk Britaniya, Yaponiya, Malayziya, Janubiy Koreyaning nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda.

Forumda xorijda tahsil olayotgan yoshlarning videomurojaati namoyish qilindi. Shuni ham aytish joiz, 19 nafar yosh xodimlar Bojxona qo‘mitasi tomonidan berilgan tavsiyanomalarga muvofiq oliy o‘quv yurtlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilindi. Tizimda 160 nafar yoshlarga xorijiy tillarni o‘zlashtirgani uchun har oyda oylik ustamalar to‘lab kelinmoqda. 4 nafar yosh bojxonachilar esa falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan bo‘lsa, 15 nafari xizmatdan ajralmagan holda, mustaqil izlanuvchi sifatida, shuningdek 1 nafar ayol xodima Bojxona instituti doktoranturasida ilmiy ish olib bormoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor tufayli, so‘nggi ikki yilda yosh bojxonachilarga xalqaro standartlar asosida ta’lim berish tizimini yaratish maqsadida, Bojxona institutida «3+1» ta’lim dasturi ya’ni, uch yil nazariya va bir yil amaliyot tizimi joriy etildi. Institutning “Bojxona ishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi Jahon bojxona tashkilotining PICARD professional standartlarga muvofiqligi bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega bo‘ldi. Kursantlarga Turkiya, Ozarbayjon, Belarus, Latviya, Rossiya Federatsiyasi va Birlashgan Arab Amirliklarining nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan masofaviy ta’lim berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bu yilgi 151 nafar bitiruvchilarning 16 nafari institutni imtiyozli diplom bilan tamomladi, 84 nafari esa (60 foizi) IELTS kabi xalqaro sertifikatga ega bo‘lib, shundan 15 nafari chet tilida professional tarzda muloqot qiladigan xodim bo‘lib yetishdi.

Joriy yilning o‘zida 33 nafar kursantlar respublika miqyosidagi turli xil sport musobaqalarida nufuzli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kursantlarning qiziqishi va iqtidoridan kelib chiqib, jami 16 ta ilm-fan, sport va kasb-hunarga yo‘naltirilgan to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bojxona organlari tomonidan nafaqat yosh bojxonachilar, balki yurt kelajagi bo‘lgan yoshlar bilan ham ishlashning samarali tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirda 100 ga yaqin yosh xodimlar “Bojxona xizmati a’lochisi”, “Yosh bojxonachi” ko‘krak nishonlari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA