Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh biologlar va kimyogarlar maktab-internatida ilk imtihon
19:51 / 2019-08-20

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatida yangi oʻquv yili uchun test sinovlari boshlandi.


Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatida yangi oʻquv yili uchun test sinovlari boshlandi.

Maktabga borarkanmiz, yoʻl-yoʻlakay umumiy oʻrta taʼlim maktabi va iqtidorli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning farqi nimada ekani, bu singari maxsus bilim dargohlari qanday maqsad-muddaolarni koʻzlashi haqida mulohaza yuritdik.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda fanlarning turli yoʻnalishi boʻyicha ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar tashkil etilmoqda. Bu oʻquvchilarning bilim olishga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantirishda, ularning oʻqishga boʻlgan intilishini toʻgʻri yoʻnaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Maktabning soya-salqin hududida test imtihonlarini topshirayotgan bolalarning ota-onalari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sinovlarning ilk kunida 7-sinf oʻquvchilari biologiya, matematika, ingliz tili, mantiqiy fikrlash boʻyicha oʻz bilimini oʻzbek va rus guruhlariga boʻlingan holda sinovdan oʻtkazdi.

– Test sinovlarini muvaffaqiyatli tashkil etish maqsadida taʼlim maskanidagi maxsus bino eng zamonaviy kompyuter texnikasi bilan jihozlandi, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining oʻrinbosari Yoʻlbarsxon Mansurov. – Maxsus ishlab chiqilgan oʻquv dasturi bolalarning bilimini tegishli fan va yoʻnalishlar boʻyicha tezkor baholash imkonini berishi bilan ahamiyatlidir. Onlayn tartibda oʻtkazilgan test sinovlarini muayyan havola orqali mobil telefonda ham kuzatish mumkin. Test jarayonida tartib-intizomning taʼminlanishiga qatʼiy amal qilinmoqda.

Oʻquv dargohi direktori Jamoliddin Kamolovning aytishicha, mazkur bilim maskani Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-iyuldagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori asosida tuzilgan.

Maktabda asosan innovatsion oʻqitish usullari asosida yoshlarga bilim berishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bu yerda kimyo, biologiya fanlari boʻyicha oʻquvchilarni xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Taʼlim sifatini risoladagidek yoʻlga qoʻyish maqsadida 2019-2020 oʻquv yili uchun yuqori malakali oʻqituvchilar va xodimlarni tanlov asosida qabul qilish boʻyicha suhbat jarayoni boʻlib oʻtdi. Shu asosda kimyo, biologiya, matematika sohasining yuqori bilim va ilmiy-maʼrifiy salohiyatga ega oʻqituvchilari, doktorantlar pedagogik jamoaga qabul qilindi.

...Maktab-internatning orasta hovlisi. Test jarayonini tartibli, belgilangan qoidalarga muvofiq oʻtkazishga jiddiy kirishildi. Maktab hovlisida qatʼiy intizom, jamoat tartibi taʼminlandi. Oʻquvchi mavjud savollarga javob berib boʻlishi bilanoq, kompyuterdagi dasturiy tizimning javoblarini baholab, tegishli ballarni koʻrsatishi imtihonning shaffof, xolis, haqqoniy oʻtishini taʼminladi. Oʻquvchilar belgilangan vaqt ichida kompyuterlarda dasturlangan test savollariga ketma-ketlikda javob berdi.

Belgilangan talablarga koʻra, test savollari ixtisoslashtirilgan va umumiy fanlardan oʻquvchilarning yoshini inobatga olgan holda har bir sinf uchun koʻp variantlilik asosida ishlab chiqilgan. Har bir variantda test savollari murakkablik darajasi davlat taʼlim standartlari doirasida oʻzbek va rus tillarida tayyorlanib, maxfiyligi taʼminlandi. Toʻgʻri bajarilgan topshiriq 2 balldan, jami 100 ball bilan baholandi va uni bajarish uchun 90 daqiqa vaqt ajratildi.

Imtihondan chiqqan qizni savolga tutamiz. Mashhura Abdulboriyeva Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi 21-maktabning 6-sinfini tamomlab, ushbu maktab-internatda oʻqish uchun hujjat topshiribdi.

– Savollarga bilganimcha javob qaytardim, – dedi Mashhura. – 54 ball oldim. Test jarayonida qiynalganim yoʻq.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi 33-maktab oʻquvchisi Hamidulla Zikriyoyevning gʻoyat xotirjamligi eʼtiborimizni tortdi. U 100 ballik talab boʻyicha 80 ball toʻplabdi.

– Repetitorga borganmiding? – soʻraymiz Hamidulladan.

– Yoʻq. Darslikdagi mavzularni yaxshilab oʻqiganman xolos, – javob qaytardi u bolalarcha begʻuborlik bilan.

Ota-onalar uchun maxsus belgilangan kutish joyida peshma-pesh oʻquvchilar olgan ballari oʻsha zahotiyoq qayd etib borilayapti. Yoshi ulugʻ onaxon biroz gʻamginroq koʻrindi. Oʻzini Tojiniso Azimboyeva, deb tanitgan parkentlik onaxonning koʻngli nevarasi imtihondan 28 ball olganidan xijil edi.

– Nevaram maktabda fransuz tilini oʻqigandi, boz ustiga maktabida kompyuter yoʻqligi sabablimi kamroq ball oldi, – dedi Tojiniso opa asta labini tishlab.

Toʻrt kun davom etadigan ushbu test imtihonlarining dastlabki kunida 7-sinf oʻquvchilari imtihondan oʻtdi. 21-avgust kuni 8-sinf, 22-avgust kuni 9-sinf, 23-avgust kuni esa 10-sinf oʻquvchilari test imtihonlarini topshiradi.

Oʻz-oʻzidan ayonki, imtihon degani ruhiy zoʻriqishga sabab boʻlishi tabiiy. Shu sababli kimyo, biologiya, matematika fanlaridan ham konsultativ mashgʻulotlar bilan birga oʻquvchilarni stress holatidan asrash boʻyicha psixologiyaga doir mashgʻulot ham oʻtkazilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, respublikamizning barcha hududlaridan maktab-internatning 7-10-sinflariga (har bir sinfga 80 nafardan (40 nafar oʻzbek, 40 nafar rus) jami 320 iqtidorli oʻquvchi tanlov asosida qabul qilinadi. Aynan ushbu yilda kirish uchun imkoniyat koʻproq boʻlib, keyingi yillardan esa faqat 7-sinfga qabul amalga oshiriladi. Mazkur bilim maskanida tahsil olish istagidagi oʻquvchilar soni esa 567 tani tashkil etadi.

Maktab-internatda umumiy oʻrta taʼlim olish bepul, taʼlim-tarbiya jarayoni oʻzbek va rus tillarida, shuningdek, bosqichma-bosqich ingliz tilida amalga oshiriladi.

Oʻquvchilarning yoshini inobatga olgan holda har bir sinf uchun botanika, zoologiya, matematika, biologiya, kimyo va ingliz tili fanlaridan tanlov uchun test savollari murakkablik darajasi davlat taʼlim standartlari doirasida oʻzbek va rus tillarida tayyorlanadi va maxfiyligini taʼminlashga jiddiy eʼtibor qaratiladi. Tegishli fanlar boʻyicha bilimlar bellashuvida birinchi, ikkinchi va uchinchi oʻrinni olgan oʻquvchilar suhbat asosida maktab-internatga oʻqishga qabul qilingan.

Maktab-internatga qabulning dastlabki kuni muvaffaqiyatli oʻtdi. Bularning barchasi taʼlimda korrupsiyaning oldini olish, oʻqitish sifati va samaradorligi, mazmunini yaxshilash, bu borada xalqaro andozalarga yaqinlashish yuzasidan olib borilayotgan amaliy ishlarning yorqin namunasidir.