Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida "Biz yosh bilimdonlarmiz" shiori ostida "Zakovat" bellashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami oldidan Andijon viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan bahsda boshqarma tizimidagi bo‘linmalar hamda tuman bo‘limlarining yosh xodimlaridan tuzilgan 10 ta jamoa ishtirok etib, o‘zlarining bilim va iqtidorlarini sinovdan o‘tkazdi.
– Boshqarma rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh xodimlarimizning iqtidorlarini sinovdan o‘tkazish, ularni rag‘batlantirish, qolaversa, ularga bayramona kayfiyat ulashishdir, – deydi O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari – bosh agronom Mahmudjon Isroilov.– Ushbu tadbir jamoamizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi, xodimlarimizning kasbiy bilimlarini oshirishga, ishchanlik muhitining barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi.
[gallery-24949]
Ishtirokchi jamoalar "Savol-javob" sharti asosida o‘zlarining kasbiy yo‘nalishlar hamda ijtimoiy-ma’naviy mavzularga oid bilimlarini namoyish etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ilmiy-tadqiqot instituti Andijon viloyat filialining «Tadqiqotchilar» jamoasi birinchi, boshqarmaning chegara maskanlari inspektorlarining «Lochinlar» jamoasi ikkinchi va Marhamat tuman bo‘limining «Himoyachilar» jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘olib va sovrindor jamoalar viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari