English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh avlodning intellektual salohiyatidan samarali foydalanish muhim sanaladi
14:17 / 2023-05-26

Globallashuv sharoitida dunyo mamlakatlari turli sohalarda barqaror taraqqiyot yo‘lida mavqeini mustahkamlab bormoqda. Albatta, bunda har bir davlat o‘z tabiiy va iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib inson omili, jumladan, yosh avlodni tarbiyalashi, shart-sharoit yaratishi, ularning intellektual salohiyatidan samarali foydalanishi muhim sanaladi.

Davlat va jamiyat boshqaruvida, biznesni taraqqiy ettirishda, umuman, barcha soha rivojida salohiyatli yoshlarning alohida o‘rni bor. Ular jamiyat uchun “yangi qon” vazifasini o‘taydi. Tashabbus va g‘oyalarni ilgari surish, zamonaviy ish yuritish uslublarini joriy qilish, dunyoning ijtimoiy manzarasi va jamiyat tuzilmalari transformatsiyalashuvi masalalarini o‘rganish va tahlil etish alohida ahamiyat kasb etadi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan o‘tkazilgan “Zamonaviy dunyoning sotsio-madaniy manzarasi va ijtimoiy tizimlar transformatsiyasi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z bordi. Konferensiya “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, o‘nga yaqin xorijiy davlatlardan hamkorlar, jumladan, Qozog‘iston Respublikasi N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo milliy universiteti, M.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti, J.Balasagыn nomli Qirg‘iziston milliy universiteti, Hindiston sotsiologlar hamjamiyati, Sankt-Peterburg davlat texnologiya instituti, G.R.Derjavin nomli Tambov davlat universiteti, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, amaliyotchi mutaxassislar, ilmiy xodimlar, doktorantlar, izlanuvchilar, magistrlar va talabalar ishtirok etdi.  

Konferensiya jarayonida zamonaviy ijtimoiy voqelikning o‘ziga xosligi va zamonaviy jamiyat dinamikasini aniqlash, mintaqa aholisi qadriyatlari dinamikasi, mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy maydoni: an’analar va innovatsiyalar, zamonaviy dunyo ijtimoiy manzarasining transformatsiyalashuvi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy maqolalar tahlil qilindi.

Shuningdek, ta’lim, migratsiya, kundalik hayot, yoshlar, oila va gender, bandlik, boshqaruv, urbanizatsiya kabi yo‘nalish va sohalarda innovatsion texnologiyalarga oid ma’ruzalar tinglandi.

– Hozirgi zamonda global miqyosda shiddatli o‘zgarishlar yuz bermoqda. Shu bilan birga, xalqaro maydonda yangi tahlikalar paydo bo‘lmoqda va dunyo davlatlarini yuzaga kelayotgan muammolarga munosib yechim topish, siyosiy va iqtisodiy strategiyalarni yangilash kerakligi haqida o‘ylantiryapti, – deydi sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Sabohat Kalonova. – Bu faqatgina ilmiy asoslangan taxminlar, bilimlar, innovatsion yondashuvlar, yangicha fikrlash orqali amalga oshiriladi. Xalqaro maydondagi vaziyat va yuzaga kelayotgan har qanday tahlikadan qat’i nazar, davlatimiz mustaqilligi va suvereniteti, xavfsizligi va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti hamda barcha fuqarolarimiz farovonligi ishonchli tarzda ta’minlanishi zarur. Mamlakatimiz   hayotidagi ochiqlik, innovatsiya va yangilanishlar, shuningdek, iqtisodiy liberallashtirish, bozorni rivojlantirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash, raqamlashtirish, yangi texnologiyalarni joriy qilish, ta’lim va ma’rifat, fuqarolar faolligi va inson huquqlari himoyasiga e’tibor o‘z muhimlik darajasini saqlab qoladi. Ushbu xalqaro konferensiya sho‘’balarida bildirilgan ilmiy fikrlarda ham shu jihatlarga e’tibor qaratildi.

Mazkur konferensiya orqali xalqaro ekspert va olimlar, soha mutaxassislari ilmiy-tadqiqot ishlarining sifati va samaradorligi oshirilishi, mamlakatlarning ilm-fan, madaniyat hamda xalq diplomatiyasi sohasidagi tajribalari o‘rganildi. Ilg‘or texnologiyalardan foydalanish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi. Hamkorlikni rivojlantirish borasidagi muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha xulosa va takliflar berildi.

Konferensiya so‘ngida xorijiy mutaxassislar talabalar uchun maxsus seminar-treninglar o‘tkazdi. Faol ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi.  

B.Meliqulova, O‘zA