French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yosh avlod uchun ibrat maktabi
15:00 / 2026-01-22

Ilm-ma’rifat bilan jamiyatni uyg‘otish eng samarali yo‘l deb bilgan, jaholatga qarshi qalam va tafakkur bilan kurashgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va faoliyati bugun ham yosh avlod uchun ibrat maktabidir.

Uning jadidchilik g‘oyalari, ta’lim va tarbiyaga oid ilg‘or qarashlari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar bilan hamohangdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 dekabrdagi “Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Guliston davlat pedagogika institutida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi.

Tillarni o‘qitish fakultetining O‘zbek tili va tillarni o‘qitish kafedrasi tashabbusi bilan uyushtirilgan davra suhbatida professor-o‘qituvchilar, talabalar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etishdi. Unda Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayot yo‘li, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, ma’rifatparvarlik qarashlari hamda milliy ta’lim tizimini isloh qilish borasidagi xizmatlari to‘g‘risida fikr yuritildi.  

– Behbudiy o‘z davrida xalqni jaholatdan qutqarish, ilm-ma’rifat orqali taraqqiyotga erishish g‘oyasini ilgari surgan buyuk ziyoli sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgan, – deydi tadbirda so‘zga chiqqan kafedra dotsenti, Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori ( (PhD)  Shahribonu Musurmonqulova. — U yangi usul maktablarini tashkil etish, darsliklar yaratish, matbuot orqali jamiyatni uyg‘otish yo‘lida fidokorona mehnat qildi. “Samarqand”, “Oyna” kabi nashrlar orqali jadidchilik g‘oyalarini keng targ‘ib qildi.

Davra suhbatida adibning dramaturgiya sohasidagi merosiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “Padarkush” dramasi sahnalashtirilib, asar mazmuni yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Unda ilm-ma’rifatdan uzoq qolgan avlod taqdirining ayanchli oqibatlari yorqin badiiy obrazlar orqali ta’sirchan ifodalangani qayd etildi. Talabalar asar asosida bilim va tarbiyaning inson hayotidagi o‘rni haqida o‘z qarashlarini bayon etishdi.

Tadbir ishtirokchilari Behbudiy merosi bugun ham o‘z dolzarbligini saqlab kelayotganini, ayniqsa yosh avlodni ma’rifat, fidoyilik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri