Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Raxshona Ahmedovaning "Tongotar" romani hamda koreys adibasi Shin Kyong Sukning o‘zbek tiliga tarjima qilgan "Onamni asra" kitoblarining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot tadbirida e’tirof etilganidek, bugun milliy adabiyotimizning tobora rivoj topib borishida yosh ijodkorlarning ham munosib hissalari bor. Yosh adiba Raxshona Ahmedova ham qalami o‘tkir, tinib-tinchimas, satrlari samimiy, reallikka asoslangan ijodkor.
— Avvalo, "Tongotar"ni "O‘tish davri" muammolariga bag‘ishlangan yoniq bitik, deya olamiz, – dedi filologiya fanlari doktori, professor Ulug‘bek Hamdam. — Bu davr muammolari, qahramonlari hali ko‘p yozilishi, yozilganlaridan esa kerakli xulosalar chiqarilishi zarur. Asar qahramonlari jamiyatning shunday puchmoqlarida unutilganki, yo‘lsiz va chorasizlik erkaklarning ko‘pchiligini o‘z yo‘lidan adashtirgan va baxtsiz qiladi. Natijada ular ayollar “qismatning achchiq bitigini ko‘zyoshlariga qo‘shib ichishadi", erkaklar esa alamlarini xotinlaridan oladi. Ha, "O‘tish davri" bu hazilakam davr emas. Unda boshdan oyoq aziyat bor. Unda uyg‘unlik emas, xaos hukmron.
[gallery-24773]
Muallif ilmsizlik, o‘quvsizlik va savodsizlik, mardikorlik kayfiyati, dunyoda tirikchilik g‘amidan boshqa tashvish ko‘rmaslik, maishiy hayot botqog‘iga botib ketish kabi illatlar jamiyat taraqqiyotining eng og‘riqli muammosi ekanini, millatni qullikka boshlaydigan fojialigini tushuntirmoqchi bo‘ladi.
— O‘z individual uslubiga ega muallif olomonning bozor kayfiyati har qanday ulug‘ qadriyatlarni yemirishi, insonning eng go‘zal va muqaddas tuyg‘ulari zavol topishi, adolatsizlik va tartibsizliklar urchishi haqida bong uradi, – dedi taniqli shoira Nargiza Asadova. – Raxshona Ahmedovaning qahramonlari xalqimizga begona emas, ular – davrimiz zamondoshlari. Barchasi yaqin tariximizning so‘zlari. Ayollarning ayanchli qismati muallifning dard og‘rig‘iga aylanadi. "Tongotar" xalqni uyg‘oqlikka, katta orzu va niyatlar bilan yashashga chorlovchi ishora aslida.
Adabiyotshunos olimlarning fikricha, serqirra ijodkor Raxshona Ahmedova ifoda uslubining ravonligi, ijtimoiy voqea va hodisalarga yuksak ma’naviy-axloqiy prinsiplar kesimida yangicha yondashuvi, tilining o‘ziga xos ohori va badiiy matn tuzilmasining yengilligi bilan o‘quvchini o‘ziga jalb etadi.
Muallifning shu vaqtga qadar "Orzu va dengiz", "Soyabon ostida", "Tushunarsiz sevgi izhori" "Sevgim mening, sevgilim mening" nomli kitoblari chop etilgan.
N.Usmonova, O‘.Hayitov (suratlar), O‘zA muxbirlari