Bugungi kunda yurtimizda kitobxonlikni targ‘ib qilish va aholining savodxonlik darajasini oshirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Buning uchun ko‘plab loyihalar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Bu borada imkoniyati cheklanganlar uchun ham zarur qulayliklar yaratilgan. Xususan, Yoshlar ishlari agentligi qoshida tashkil etilgan “Mutolaa” loyihasi shular jumlasidandir. Uning tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmagan bo‘lsada, yuksak natijalarga erishdi.
Shu vaqt mobaynida ilovada 6 ming soatli audiokontent hamda minglab elektron kitoblar jamlandi. Tabiiyki, audiokontentlar ko‘rish imkoniyati cheklangan kitobxonlar uchun ayni muddao.
Quvonarlisi shuki, uning taraqqiyotiga ko‘rish imkoniyati cheklanganlar ham hissa qo‘shmoqda. Loyiha mualliflari bularni yaxshi anglagan holda ko‘zi ojizlar hayotiga oid hujjatli film tayyorladi. Filmda qahramonlar kechinmalari, faoliyati hamda ular duch kelishi mumkin bo‘lgan to‘siqlar haqida hikoya qilinadi.
Film qahramonlari orasida O‘zbekiston milliy axborot agentligi Siyosat va yangiliklar tahririyati sharhlovchisi Sherbek Islomov ham bor.
Sherbek bolalikdan san’at va adabiyotga oshno, soz va so‘z sehriga mahliyo. Yosh bo‘lishiga qaramay, ko‘plab yutuqlarga erishib kelmoqda. U respublika fan olimpiadasi g‘olibi, respublika kitobxonlik tanlovlari hamda bir qancha ijodiy tanlovlar sovrindori bo‘lgan. Xususan, 2023 yilda Zomin seminarida o‘z she’rlari bilan ishtirok etib, iqtidorli yosh ijodkorlar safida e’tirof etilgan. Uning mehnatlari davlatimiz rahbari tomonidan ham e’tiborsiz qoldirilmay “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Bugungi kunda u jurnalistikada ham muvaffaqiyatli ijod qilmoqda. Turli janrlarda tayyorlayotgan maqolalari o‘quvchilar e’tiborini tortmoqda.
Sherbek kabi yoshlarning shijoati jamiyatdagi har kimga o‘rnak bo‘la oladi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/mBdWMnvr4R4" title="Yorug`likni so`zdan izlagan yigit" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
Z.Nuriddinov, N.Abduvoitov (video-montaj) O‘zA