Buxoro shahridagi 24-maktab-internatda Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi mablag‘lari evaziga “Buxoro yoshlari” gazetasi tomonidan “Sog‘lom avlod - baxtli kelajak” loyihasi doirasida “Iste’dod, mahorat, san’at” bolalar festivali o‘tkazildi. Festivalda 200 dan ortiq o‘quvchi yoshlar jalb etildi.
Tadbir doirasida bolalar rassomchilik, mental arifmetika, raqs, qo‘shiq aytish va mushoira yo‘nalishlarida bellashdi. Har bir qatnashchi o‘zining jonkuyarligi, mehnati va iqtidori bilan yig‘ilganlarni hayratga soldi. G‘oliblarga grant mablag‘lari asosida tayyorlangan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Festival g‘oliblari va qatnashchilari uchun nafaqat sovg‘alar, balki mehr va iliqlikka to‘la muhit ham taqdim etildi. “Buxoro yoshlari” tahririyati uchun bu tadbir grant doirasidagi so‘nggi tashabbus bo‘ldi. Ammo bu kabi loyihalarni yana davom ettirish niyatida ekanliklarini ta’kidlashdi.


– Biz bolalarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, ularga rag‘bat berishni o‘zimiz uchun muhim vazifa deb bilamiz. Bunday loyihalar kelgusida ham amalga oshirilishi uchun harakat qilamiz. Bu iqtidorlilarni qo‘llab-quvvatlash ko‘plab bolalarga o‘z salohiyatini namoyon qilish va yangi maqsadlar sari intilish uchun kuch bag‘ishladi. Ular uchun bu nafaqat bellashuv, balki ilhom manbai ham bo‘ldi, – deydi gazeta muharriri Laylo Hayitova.
Zarif komilov, O‘zA muxbiri