Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tgan yillar davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini mustahkamlash, jamiyat hayotining barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi hamda Xalqaro shaxmat akademiyasi hamkorligida 20 yoshgacha bo‘lgan jismoniy imkoniyati cheklangan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston birinchiligi musobaqasi ham ayni harakatning mantiqiy davomi bo‘ldi.

E’tibor va yaratilgan imkoniyatlar orqali o‘z iqtidorini namoyish etish orzusidagi irodalilar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqa shaxmat ixlosmandlariga bir olam zavq bag‘ishladi.
Ertangi kunga ishonchi yuksalgan, imkonsizlikdan imkon topish umidi qalblariga yorug‘ orzularni jo etganlarning barchasiga musobaqa davomida ehtirom ko‘rsatildi. Ko‘ngillar shod bo‘ldi.

Bahslar yakunida g‘olib va sovrindorlikka erishib, Xalqaro nogironlar shaxmat assotsiatsiyasi tomondan tashkil etilishi kutilayotgan 24-Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqqanlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA