Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yorug kunlar shukronasi
13:41 / 2022-07-09

Tinchlik, osoyishtalik, sabr va qanoat, shukronalik xalqimiz azaldan e’zozlagan qadriyatlardan sanaladi. Shu kunlarda barcha musulmon dunyosi kabi O‘zbekiston xalqi ham Qurbon hayiti bayramini ko‘tarinki ruh bilan nishonlamoqda.

Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigi barcha yurtdoshlarimiz, diyorimizdan olisdagi hamyurtlarimiz ko‘ngliga dalda bo‘ldi, desak yangilshmagan bo‘lamiz.

Muborak ayyom arafasida hali quyosh chiqmasidanoq, vatandoshlarimiz hayit namozi uchun ibodatga shaylandilar. Yurtdoshlarimiz o‘z duolarida elga tinchlik, ahillik, salomatlik  tilaganlari aniq! Tongdanoq barcha hamyurtlarimiz ota-onalari, qarindoshlari, yaqin qadrdonlarini qutlug‘ ayyom bilan tabriklab, bir-birlariga eng ezgu tilaklarni bildirdilar. Bo‘rsildoq nonlar, shirinliklar, qand-qurslardan iborat sovg‘alar, hayitliklarni bir-birlariga tuhfa etdilar.

Darhaqiqat, xalqimiz tinchliksevar,  ma’rifatparvar xalq. Keyingi yillarda yurtimizda ijtimoiy barqarorlikni saqlash, odamlarni rozi qilish, ularni qiynayotgan muammolarni batafsil o‘rganish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Mahallalarning jamiyatda mavqei va ahamiyatini oshirish, turli dolzarb masalalarga o‘z vaqtida yechim topish, barcha islohotlar va yangilanish jarayonlarini odamlar bilan bamaslahat tarzda olib borishga katta ahamiyat qaratilmoqda.

Butun dunyoni larzaga keltirgan ikki yillik koronavirus pandemiyasidan so‘ng mana endigina xalqimiz ancha bamaylixotir hayit ayyomini  shodu xurramlikda nishonlamoqda. Ayni damda ehtiyojmand, kam ta’minlangan , yordamga muhtoj oilalarga, nuroniylarga ko‘maklashish, yolg‘iz keksalar holidan xabar olish, ularning ko‘nglini ko‘tarish borasidagi ezgu  ishlar hajmi yanada kengaydi. Turli ijtimoiy daftarlarga kirgan hamyurtlarimizga amaliy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar yangicha mazmun -mohiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan muborak Haj va Umra amallarini bajarish uchun ajratilgan kvotalar sezilarli darajada ortdi.  Aholining hayit kunlari maroqli dam olishi uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish borasidagi amaliy e’tibor natijasida aksariyat yurtdoshlarimiz bayram kunlari tarixiy shaharlar, xushmanzara tog‘li maskanlarga sayohat qilmoqdalar. Bularning bari ichki turizmni rivojlantirish, yurtdoshlarimizda o‘z Vatanidan faxrlanish tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Ha, shunday yorug‘ va shukuhli kunlarda  inson, uning manfaatlari  oliy qadriyat ekani yana bir karra o‘z ifodasini topmoqda.

 

  Nazokat Usmonova, O‘zA