Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yorqin kelajak sari ildam qadamlar
18:19 / 2026-02-03

Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari ishtirokida “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni oldini olish va nazorat qilish loyihasi” faoliyatini kengaytirishga qaratilgan “Yorqin kelajak sari” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, Birlamchi sanitariya yordamini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Barno Odilova, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakili Sato Riye, shahar va tuman Tibbiyot birlashmalari rahbarlari, bosh hamshiralar, salomatlik bo‘limlari mudirlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. 

Qayd etilganidek, mazkur loyiha 2021–2026 yillarga mo‘ljallangan. Shu bo‘yicha tadbirda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, aholi salomatligini mustahkamlash, shuningdek, xalqaro tajribalarni amaliyotga joriy etish masalalari sarhisobi muhokama qilindi. 

Xususan, loyiha doirasida Navoiy viloyatining Karmana tumani hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlari pilot hudud sifatida tanlanib, bugungi kunda mazkur tashabbus respublika miqyosida barcha viloyatlarni qamrab olmoqda. Ayniqsa, birlamchi sanitariya-tibbiy yordam muassasalari orqali maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va mahallalarda samarali ovqatlanish hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Shu bilan birga, mazkur tashabbus asosida 8 nafar shifokor va 10 nafar hamshira Yaponiyada o‘quv safarlarida ishtirok etdi. Umuman, kun chiqar davlatga uchta o‘quv safari tashkil qilinib, ishtirokchilar prefektura va shahar rahbariyatlari, tibbiy muassasalar hamda xususiy korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 

Yaponiya tajribasida davlat organlari, tibbiyot muassasalari va xususiy sektorning o‘zaro hamkorligi orqali sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari samarali amalga oshirilayotgani o‘rganildi. Olingan nazariy va amaliy bilimlar bugungi kunda aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanishni targ‘ib qilish, yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda keng qo‘llanilmoqda. 

– Loyiha doirasidagi muhim yo‘nalishlardan biri – “EIYO: EYYO” faoliyati bo‘lib, u aholi o‘rtasida samarali ovqatlanish ta’limini targ‘ib qilishga qaratilgan. Unga ko‘ra, malakali mutaxassislar tomonidan tuman tibbiyot birlashmalarida faoliyat yuritayotgan hamshiralarga mahalla aholisi uchun ovqatlanish ta’limini o‘tkazish bo‘yicha maxsus o‘quvlar tashkil etildi. Taqdim etilgan qo‘llanmalar va ko‘rgazmali vositalar hamshiralarning kundalik faoliyatida samarali foydalanilmoqda. Toshkent viloyatining Nurafshon shahri va Toshkent tumanidagi bir qator mahallalarda minglab xonadonlar qamrab olindi. Unda aholiga oziq-ovqat mahsulotlarining inson organizmidagi ahamiyati, muvozanatli ovqatlanish tamoyillari tushuntirildi. Shuningdek, patronaj hamshiralar uchun interaktiv seminarlar tashkil etildi. Bundan tashqari, Ohangaron shahridagi maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha maxsus o‘quv materiallari joriy etildi, – deydi Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Feruza Rahmatullayeva. 

Tadbirda hudud mas’ullari bu boradagi sa’y-harakatlar haqida aytib o‘tdi. Bugungi kunda ushbu loyiha barcha tuman-shahardagi maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar va mahallalarda izchil ravishda targ‘ib qilinib, aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. 

A.Musayev, O‘zA.