English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yordamga ehtiyojmand onlayn ariza orqali aniqlanadi
15:07 / 2023-11-21

Mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilib, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam ko‘rsatish ochiqligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning shu yil 23 fevraldagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ham bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir. Farmonga muvofiq Vazirlar Mahkamasining joriy yil 10 noyabrdagi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilmoqda.  

Mazkur tartib 2024 yil 1 apreldan boshlab yo‘lga qo‘yiladi. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash hamda ularga ma’lumotnoma taqdim etish bo‘yicha elektron shaklda davlat xizmatini ko‘rsatish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi. Uning har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy qilinadi.  

Joylardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlari fuqarolarning bevosita roziligi bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berish huquqiga ega bo‘lmoqda.  

Qaror bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash tartiblari, ularni aniqlash mezonlari aniq-ravshan belgilab qo‘yilgani ahamiyatli bo‘ldi. Jumladan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash rad etilgan, shuningdek, aholi bandligi masalalari bo‘yicha maslahat olish uchun mehnat organlariga murojaat qilganligi sababli rasmiy bandlik talab etilmasdan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan hamda ketma ket ikki va undan ortiq marotaba ijtimoiy nafaqalar olayotgan oilalar bandligini ta’minlash, ularning daromadlarini oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rib boriladi.  

Elektron shaklda ariza berish orqali ro‘yxati tasdiqlanganlarga bolalar nafaqasi 12 oyga, moddiy yordam olti oyga beriladi.  

Surxondaryo viloyatida yilning o‘tgan davrida axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam olish uchun 374 ming 247 ariza qabul qilinib, ularning 155 ming 963 tasi belgilangan mezonlarga to‘g‘ri kelmagani uchun rad etilgan. 218 ming 284 tasi tasdiqlangan. Shundan 208 ming 26 nafari bolalar nafaqasi, 10 ming 258 nafari moddiy yordam olish huquqiga ega bo‘lgan. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxati shakllantirilganlarga 1 trillion 120 milliard 215 million so‘m bolalar nafaqasi va moddiy yordam puli to‘langan.  

Tahlillarga ko‘ra, hozirgacha bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olgan oilalarning aksariyati nafaqa tayinlangandan so‘ng bandlik organiga ish izlab qaytib murojaat qilmagan hamda bandligi ta’minlanmagan.   Bunda norasmiy daromad olayotgan o‘ziga to‘q oila a’zolari bandlik organiga murojaat qilishi orqali ularga nafaqa tayinlash holatlari kuzatilgan. Yangi tartibda haqiqatda ish izlovchi sifatida bandlik organidan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolardan bandlik talab etmaslik imtiyozi qoldirilmoqda. Bunda fuqaro 3 oy davomida ishga kirmasa, kasbga o‘qimasa, tadbirkorlik va o‘zini -o‘zi band etish toifasiga kirmasa va ish bo‘yicha takliflarni rad qilsa, to‘lovi to‘xtatiladi.

Ayni paytda katta tomorqasi mavjud, norasmiy boshqa yuqori daromadga ega  bo‘lgan fuqarolar avtomatik ravishda band deb hisoblanib, nafaqa tayinlanmoqda. Yangi yilning 1 aprelidan boshlab, tomorqada yer va yoki dehqon xo‘jaligi maydonidan qat’iy nazar, faqat 1 nafar oila a’zosi band deb avtomatik belgilanadi. Bunda oilaning ikkinchi a’zosi ham tomorqada band bo‘lsa, faoliyatini rasmiylashtirib, ya’ni o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq organida ro‘yxatdan o‘tgandan keyin, 2024 yil 16 avgustdan boshlab ariza bergan tomorqasi mavjud fuqarolarning barchasi soliq organida ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng band shaxs sifatida qabul qilinadi.

Yangi belgilangan mezonlarda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlashda shunga o‘xshash qator o‘zgartishlar kiritilmoqdaki, bularning barchasi bolalar nafaqasi va moddiy yordam olishda shaffoflikni ta’minlaydi. Fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga to‘liq chek qo‘yiladi.  

Suyun Rajabov,  

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.

O‘zA