Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Uchtom” irrigatsiya tizimi boshqarmasida yordamchi xo‘jalik faoliyatini kengaytirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir sohada islohotlarni chuqurlashtirish, mavjud imkoniyatlarni safarbar etish hamda yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan yangi yondashuvlar muhokamasiga aylandi.
Seminarda Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Turdiboyev, tizim tashkilotlari rahbarlari, yosh mutaxassislar va soha xodimlari ishtirok etishdi. Muloqotlar jarayonida amaliy natija va iqtisodiy samaradorlik ustuvor mezon sifatida e’tirof etildi.

“Uchtom” irrigatsiya tizimi boshqarmasi boshlig‘i Abdubakir Mirzaqulov yordamchi xo‘jalik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil taqdimot qildi. Unda ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi, yetishtirilgan go‘sht mahsulotlarini ishchi-xodimlar o‘rtasida adolatli taqsimlash mexanizmi, veshenka qo‘ziqorinini parvarishlash, gidroponika usulini joriy etish, gulchilik va issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish borasidagi ishlar atroflicha yoritildi.

Shuningdek, yordamchi xo‘jalik tarkibida qoramolchilik, qo‘y va echkichilik, parrandachilik, quyonchilik hamda baliqchilik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi. Mazkur tashabbuslar ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki ehtiyojni qoplash va qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Muhokamalar markazida yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash masalasi alohida o‘rin egalladi. Yoshlarni yordamchi xo‘jaliklar faoliyatiga keng jalb etish, ular uchun amaliy ko‘nikma maktabini shakllantirish, barqaror bandlik va munosib daromad imkoniyatlarini yaratish yuzasidan takliflar bildirildi. Bu esa sohada kadrlar salohiyatini mustahkamlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va tashabbuskorlik muhitini kengaytirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi ham atroflicha tahlil qilindi. Suv xo‘jaligi ob’ektlari hududlarida ko‘chat ekish, yashil maydonlarni kengaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

Seminar yakunida yordamchi xo‘jalik faoliyatini yanada rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni tizim tashkilotlarida keng joriy etish hamda iqtisodiy samaradorlikni oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Amaliy muloqotlar Do‘stlikda shakllanayotgan yangi iqtisodiy yondashuv yoshlar bandligi va tarmoq taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratayotganini yana bir bor tasdiqladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari