Andijon shahri Gumbaz mahallasi Yangi dehqon ko‘chasida yashovchi Munavvarxon Vahobova o‘tgan yilning iyul oyida “Vaqf” fondi Andijon viloyati bo‘limiga murojaat qilib, davolanishi uchun yordam so‘ragan, fond tomonidan so‘ralgan hujjatlarni taqdim etgan.
Oradan bir yilga yaqin vaqt o‘tib, bu ayol fondning viloyat bo‘limiga yordam puli qachon berilishini so‘rab yana keldi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi Andijon viloyati filiali rahbari vazifasini bajaruvchi Ergashboy Mamadaliyev hujjatlarni ko‘tardi. Ma’lum bo‘lishicha, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan bu ayolga davolanish uchun 2022 yilning 12 dekabrida 1 million so‘m mablag‘ Xalq bankining Andijon filiali hisob raqamiga o‘tkazib berilgan.
– Yolg‘iz ayolman, farzandsizlik uchun ajrashganman, ikkinchi guruh nogironiman, – deydi Munavvarxon Vahobova. – Ota-onam o‘tib ketgan, o‘z uy-joyim yo‘qligi uchun vaqtincha opamning uyida yashab kelaman. Keyingi yillarda bir ko‘zim umuman ko‘rmaydigan bo‘lib qolgan. Shifokorlar ikkinchi ko‘zimni doimiy davolab turishim kerakligini aytgan. Sharoitim og‘irligi uchun o‘tgan yili yordam so‘rab, “Vaqf” fondiga uchragan edim. Hujjatlarimni olib qolishdi. Xalq bankidan plastik karta ham berildi. Kartaga pul tushirib beramiz, deyishdi. Orada bankka kelib surishtirdim, menga yordam pullari navbat bilan tushirib beriladi. Pul tushganda sizga SMS boradi, deyishdi. Oradan sakkiz oy o‘tib, davolanish vaqtim o‘tib ketayotganligi bois, yordam puli qachon berilishi mumkinligini bilish uchun “Vaqf” fondiga bordim.
Ma’lum bo‘lishicha, men uchun ajratilgan pul o‘tgan yilning dekabr oyida o‘tkazib berilgan ekan. Fond vakili meni bankka borishimni aydi. Bankka keldim, fonddan pul tushirib berilgan ekan. Menga qachon o‘tkazib beriladi, deb so‘radim. Bank xodimlari pulni tez kunlarda tushirib berishadigan bo‘ldi. Bugun, ya’ni 25 may kuni plastik kartamga yordam puli tushirib berildi, bank xodimi aytganiday pul tushganligi haqida telefonimga SMS ham keldi.
Shu o‘rinda Xalq banki mutasaddilariga haqli savol tug‘iladi. Nima uchun nogiron insonga o‘tgan yilning dekabr oyida “Vaqf” fondidan o‘tkazib berilgan pul egasiga o‘z vaqtida yetkazib berilmadi?

Agar fuqaro “Vaqf” fondiga kelib yordam pulini ololmayotganligini surishtirmaganida ehtimol, ushbu pul hali hamon o‘tkazib berilmasligi ham mumkin edi. Balki bunday holat birgina bu ayol bilan bog‘liq emasdir, degan fikr bilan fond vakili bilan “Vaqf” fondi tomonidan o‘tgan yili yordam puli berilgan fuqarolar ro‘yxatini ko‘tarib, ularga qo‘ng‘iroq qildik, telefon orqali suhbatlashdik.
– Xavfli o‘sma kasalligi bilan og‘riyman, ikkinchi guruh nogironiman, – deydi Jalaquduq tumani G‘ozicheki mahallasida yashovchi Dilshodbek Yuldashev. – Bir necha marta operatsiya bo‘ldim, ozgina bo‘lsada yordam bo‘lar degan maqsadda “Vaqf” fondidan ko‘mak so‘ragan edim. Lekin haligacha yordam olmadim. Aslida “Vaqf” fondi yordamidan umidimni uzib bo‘lganman.
“Vaqf” fondi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, ushbu fuqaroga 2022 yilning dekabr oyida Xalq banki hisobiga 1 million so‘m yordam puli o‘tkazib berilgan.
Keyingi ikki suhbatdoshimiz Xalq banki “Vaqf”dan kelgan yordam puli plastik kartalariga tushirib berilganligini aytishdi.
Lekin “Vaqf” fondi tomonidan 700 ming so‘m yordam puli ajratilgan Izboskan tumani, Qashqarlik mahallasida yashovchi Madinabonu Ibragimova hali yordam pulini olmaganligini bildirdi.
Bunga, ya’ni 2022 yilning dekabr oyida “Vaqf” fondidan o‘tkazib berilgan yordam pullari nima uchun shu paytgacha o‘z egalariga yetib bormaganligiga Xalq banki viloyat filiali mutasaddilari izoh berar. Balki yordam pullari o‘tkazib berilmaganligiga qandaydir sabablar bordir. Nima bo‘lganida ham o‘sha ozgina pulga umid qilib, yordam so‘ragan nogiron, kam ta’minlangan insonlar ajratilgan yordam pulini o‘z vaqtida olishi kerak edi.
Yana bir mulohaza, ehtimol, “Vaqf” fondi o‘zi ajratgan yordam pullari egalariga yetib borgan yoki bormaganligini doimiy monitoring qilib borishni yo‘lga qo‘yishi kerakdir.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA