Vatanimiz tarixidagi 16 sentyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1397 yil (bundan 628 yil oldin) – temuriy shahzoda, Shohrux Mirzo va Gavharshodbegimning o‘g‘li Boysung‘ur dunyoga keldi (ayrim adabiyotlarda uning 16 oktyabrda tug‘ilgani yozilgan). O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasida qayd etilishicha, Boysung‘ur insonparvar, adolatpesha, ilm va adab ahliga muruvvatli hukmdor bo‘lish bilan birga, o‘zi ham g‘azallar bitgan, xattotlik va naqqoshlik san’atini mukammal darajada egallagan.
U Hirotda noyob qo‘lyozmalar jamlangan juda boy kutubxona tashkil qilgan, unda 40 dan ortiq xattot mo‘g‘ullar istilosi davrida yo‘q qilingan qo‘lyozmalarning bo‘lak nusxalarini topib, ulardan nusxalar ko‘chirish yoki yaroqsiz holga kelganlarini tiklash bilan mashg‘ul bo‘lgan. Hirotdagi Gavharshodbegim masjidi bezaklari va kitobalarini shaxsan Boysung‘urning o‘zi bajarganligi tarixiy manbalarda qayd etilgan.
Uning rahbarligi va bevosita ishtirokida Abulqosim Firdavsiy «Shohnoma»sining tanqidiy matni tuzilgan (1425–1426). Unga Boysung‘urning o‘zi so‘zboshi yozgan. «Shohnoma»ning bu nusxasi «Shohnomai Boysung‘uriy» deb atalgan (rasmlar bilan bezatilgan mazkur qo‘lyozma Tehron muzeyida saqlanadi). Shuningdek,Boysung‘ur jahon san’ati tarixida muhim o‘rin tutgan Hirot miniatyura maktabita asos solgan. Bumaktab vakillari tomonidan ko‘chirilgan asarlarning ko‘pchiligi Istanbul kutubxonalarida saqlanadi.
1913 yil (bundan 112 yiloldin) – Xiva xoni Asfandiyorxon knyaz P.P.Galitsinga xonlik hududidagi 40 ming tanob (1 gektar 12 tanobga teng) bo‘sh yerni 99 yil muddatga ijaraga berdi. Yirik boy va amaldorlarga bir necha yuz hamda minglarcha tanob davlat yerlarini uzoq muddatga ijaraga berish mazkur xonlikda XX asr boshlarida keng tarqalgan edi.
1916 yil (bundan 109 yil oldin) – Turkiston general gubernatori mansabdor shaxslarning poraxo‘rligi uchun harbiy davr qonunlari bo‘yicha javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi buyruqqa imzo chekdi. O‘sha vaqtda g‘ayriqonuniy yig‘imlar va poraxo‘rlik shuqadar avj olib ketgan ediki,1916 yilda Turkistondagi poraxo‘rlik haqidagi maxsus so‘rov Davlat Dumasi muhokamasiga ham qo‘yildi. Duma ushbu masalani yopiq eshiklar ortida tinglashga majbur bo‘ldi.
1946 yil (bundan 79 yiloldin) – adib, shoir, tarixchi Sadriddin Salim Buxoriy (Sadriddin Salimov) tavallud topdi (vafoti 2010 yil). Uning she’rlari o‘zining chuqur va keng ma’nodorligi, yuksak badiiyati, fikr teranligi, ravon ifoda tarzi bilan alohida xususiyat kasb etadi. Bu xususiyatda shoirning o‘ziga xos uslubi namoyon bo‘ladi. Sadriddin Salim Buxoriyning tasavvufshunos olim, tarixchi sifatidagi izlanishlari natijasida ko‘plab tarixiy-ma’rifiy yo‘nalishdagi kitoblari nashr etilgan. U tarjimon sifatida Abduxolik G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Ali Rometaniy, Bahovuddin Naqshbandlarning purhikmat asarlari, ruboiylarini, buyuk nemis shoiri Gyotening “G‘arbu Sharq devoni”ni bevosita olmon tilidan ona tilimizga o‘girdi. Sadriddin Salim Buxoriy 1999 yilda “Mehnat shuhrati” hamda 2005 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan takdirlangan.
1966 yil (bundan 59 yil oldin) – “Markaziy Farg‘ona kanalini qurish to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Mazkur qarorda, asosan, vodiyning markaziy qismini suv bilan ta’minlash maqsad qilindi. Zero, aynan 60-yillarning boshlarida Farg‘ona va Andijonda suv tanqisligi muammosi kuzatiladi. Natijada Katta Farg‘ona kanali orqali sug‘oriladigan maydonlarni suv bilan ta’minlash 80 %ga tushib ketdi.
1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Buxoroda buyuk mutafakkir Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligiga bag‘ishlangan tantanalar boshlandi. Ularda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.
1994 yil (bundan 31 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi va Chad Respublikasi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi. Chad O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini 1993 yil 12 yanvarda tan olgan.
1998 yil (bundan 27 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya institutiga asos solinganining 125 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
2003 yil (bundan 22 yil oldin) – davlat idoralaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, ijtimoiy sohalardagi islohotlarni amalga oshirish, millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash ishiga qo‘shgan hissasi uchun Hamidulla Karamatov “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
2016 yil (bundan 9 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 8 bob hamda 40 moddadan iborat. Qonunda ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishdan, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashdan, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasidan iborat ekanligi qayd etilgan.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yengil sanoatni yanada rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Misr vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining 9-raundida Buxoro 2020 yilda “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA