Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘qolgan hujjatlarni tiklashda to‘lov undirilmaydi
18:35 / 2022-06-08

Yuridik klinika

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yildan boshlab ofatlar oqibatida yo‘qolgan hujjatlarni tiklashda to‘lov undirilmaydi. Ular davlat hisobidan tiklab beriladi. Xo‘sh bu qanday hujjatlar? Bu qaysi asoslarda amalga oshiriladi? Ushbu savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov javob berdi. 

– 2021 yil 1 yanvardan O‘zbekiston va xorijiy davlatda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, jumladan, maishiy tusdagi ofatlar oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlarni tiklashda ular davlat boji va yig‘imlardan ozod qilinadi. 

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 oktiyabrdagi “Favqulodda vaziyatlardan jabr ko‘rgan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishning qo‘shimcha choralari to‘g‘risida”gi qarori bilan ofatlar yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan va tiklanishda tegishli to‘lovlardan ozod qilinadigan muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlar ro‘yxati keltirilgan. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va xorijiy fuqaro identifikatsiya ID-kartasi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti, O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnoma, Respublikamiz hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning xorijga chiqish uchun biometrik harakatlanish hujjati, mamlakatimiz hududida vaqtincha bo‘lib turgan chet el fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga pasportning yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatning yo‘qolganligi haqidagi ma’lumotnoma hamda mamlakatimiz hududida doimiy yashovchi chet ellik fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga yashash uchun ruxsatnomalarga to‘lov qilinmaydi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilish to‘g‘risidagi hujjatlar, Chaqiruv uchastkasida qayd etilganlik haqidagi guvohnoma, harbiy va zaxiradagi ofitserning guvohnomasi, transport vositasining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik, haydovchilik guvohnomalari, yo‘qotilgan haydovchilik guvohnomasi o‘rniga vaqtinchalik ruxsatnoma, tug‘ilganlik haqida guvohnoma, nikoh tuzilganligi haqida, nikohdan ajralganlik haqida, o‘lim haqida guvohnomalar, notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlari, hujjatlarning ko‘chirma nusxalari hamda reyestrlardan ko‘chirmalar, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan rasmiylashtiriladigan ma’lumotnomalar hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan talab qilib olinadigan ushbu ro‘yxatning 8 — 17-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarning ko‘chirma nusxasi, dublikati hamda ularning mavjudligi haqida ma’lumotnomalar ham shular jumlasidandir. 

Gulnoza Boboyeva,O‘zA