Haftaning chorshanba kuni bo‘lishiga qaramay, o‘g‘limning bog‘chadagi bayramiga usti-bosh olish uchun bozorga tushdim.
Bozor gavjum. Har gal o‘g‘lim uchun zarur kiyimlarni ikkinchi qatordagi rastada savdo qiladigan Muazzam opadan sotib olaman. Manzilga yetganimda opaning bo‘yi yetgan qizi bilan tortishuviga guvoh bo‘ldim.
– Qizim, maktabga bormasang, ustozlaring xafa bo‘ladi, – deydi Muazzam opa kuyunib. – Uzog‘i bilan besh oydan so‘ng maktabni tamomlaysan. Keyin maktabga borganing bilan sinfga kirishingga, tengdoshlaring bilan o‘qishga imkon bo‘lmaydi. Tunov kuni ustozing ham qo‘ng‘iroq qilib, maktabga nega kelmayotganingni surishtirgandi. Biroz betob deb yolg‘on gapirishga majbur bo‘ldim. Kelgusida seni o‘qitishni, yaxshi joylarda ishlashingni xohlayman.
– Oyi, nega tushunmaysiz? Maktabga borganim bilan yaxshi dars bo‘lmaydi. Qizlar bilan telefon o‘ynab, internetdagi voqealarni kuzatish bilan vaqt o‘tkazamiz. Ustiga-ustak, dugonalarim ham kun bo‘yi repetitorga ketishadi. Ularsiz maktabda zerikib qolaman. Repetitordan bo‘sh vaqtida maktabga kelgan-da, men ham boryapman-ku. To‘lashga imkonim yo‘q deb meni repetitorga ham yubormasangiz? Undan ko‘ra sizga yordam berganim yaxshiku.
Muazzam opa o‘qishdan ko‘ra savdoga berilgan qiziga afsus bilan qarab turardi.
– O‘qiyman, o‘rganaman desang, maktabda ham yaxshi muallimlar, sharoit borku, – deyman qizga. – Xafa bo‘lmaginu, o‘zing o‘qishni istamaganing uchun bahonalaring ham tayyor. Harakat qilmasang hech, kim bilimni, aqlni miyangga joylab qo‘ymaydi. O‘zi qaysi maktabda o‘qiysan? Darsing ertalabmi yo...
– Nega sizga hisobot berishim kerak? Kimsizki, mendan hisobot so‘raysiz? Senlaganingizga o‘laymi? Ana boqib katta qilgan bolangizni senlang, bildingizmi?!
Qizining betga choparligidan Muazzam opa ham xijolat. Uzr so‘rashni ham unutmadi. Shunday bo‘lsa-da, kayfiyatimni tushirmasdan, zarur kiyimlarni opadan sotib oldim. Ko‘rsatgan hunaridan uyaldi shekilli, hisob-kitob so‘ngida qiz maktabining nomerini aytdi.
Buni qarangki, bir vaqtlar o‘zim tahsil olgan, sinfdoshlarimiz bilan yugurgilab yurgan maktab o‘quvchilari bugun darsga borishdan ko‘ra, savdo qilishni ma’qul ko‘rishmoqda. Soat 9 ga yaqinlashgan. Shunga qaramay, yuqori sinf o‘quvchilari turnaqator bo‘lib maktabga kelishda davom etmoqda.
– Dars boshlanganiga yarim soat bo‘ldi. Ammo o‘quvchilaringiz hamon kelishda davom etmoqda, – deyman maktab direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosariga. – Sizlarda tartib-intizom yo‘q ekan-da. Kech qolib kelayotgan o‘quvchilarga darsga kirishidan avval madhiya ayttirib ko‘raylik. O‘zi madhiyani bilishadimi?!
– Bilish-bilmasligini bilmadimu, ammo ularga gapimiz o‘tmay qolganiga ancha bo‘lgan. O‘zi darsga kelayotganidan xursand bo‘lib turgan bir vaqtimizda, madhiya ayttirsak qanday bo‘larkan? To‘g‘risi, universitetga kirish ilinjida yurgan o‘quvchilarimiz repetitorga bormaydigan kuni maktabga kelishadi. Aslida...
– Muallim, ingliz tili o‘qituvchimiz keladimi-yo‘qmi? Darsimizni kim o‘tadi?
«Hozir aniqlayman, sen xonangga boraver», degancha o‘rinbosar meni o‘qituvchilar xonasi tomon boshladi. Biroz surishtiruvdan keyin ingliz tili o‘qituvchisi repetitorlik qilish uchun o‘quv markaziga ketgani ma’lum bo‘ldi.
– Eh, qaysi biriga kuyishimni ham bilmay qoldim, – deydi direktor o‘rinbosari. – O‘qituvchi darsga kelmasa ham, o‘quvchi fanni o‘zlashtirmasa ham men aybdorman. Ular uchun ko‘pning ichida gap eshitib mulzam bo‘lish ham jonimga tegib ketdi. Birortasi vazifasini bajarmaydi. Shu o‘qituvchiga barcha shartlariga rozi bo‘lib 25 soat dars bergandik. Hafta davomida darsining 10 soatini o‘tadi yo o‘tmaydi. Lik-lik qilib o‘quv markaziga ketib qoladi. Jiddiyroq gapirgudek bo‘lsam, «Yoqmayotgan bo‘lsam, ishdan bo‘shating», deb turaveradi. Bu yoqda dars, o‘quvchilar ovora. Agar hozir darslarni birin-ketin kuzatadigan bo‘lsak, kamida besh-olti o‘qituvchimiz har xil sabab bilan ishga kelmagan bo‘lib chiqadi. Aslida barini o‘quv markazidan topasiz. To‘g‘risi, maktabdagi darsingizni o‘tib qo‘yingda boravering o‘sha o‘quv markazingizga deb charchadim. To‘g‘rida, ikki joydan oylik olish kimga ham yoqmaydi. Maktabdagi darsini o‘tmasa ham oyligi biroz kamaysa to‘polon qilishdan toyishmaydi.
– Maktabdagi hamma ish sizning zimmangizda ekan-da. Direktor nima ish qiladi? Sizga yordam bersa bo‘ladiku. Qolaversa, o‘quvchilarning yutug‘idan direktor ko‘proq manfaatdor emasmi?! Ko‘pning yordami bilan tartib o‘rnatish mumkin.
– Direktorga sayohatda yurish, to‘y-tomosha bo‘lsa bo‘ldi. «Jamoaga mening gapim o‘tmaydi, o‘zingiz kelishib ishlayvering. Menga ko‘chaning yugur-yuguri ham yetadi. Ta’limning sifatiga siz javobgarsiz», deyishdan nariga o‘tmaydi. Bunday sharoitda ishlash menga juda og‘ir. Bir necha marta ishdan bo‘shash haqida yozgan arizamga imzo qo‘yib bermadi. Shtatda ishlaydigan mutaxassislar ham o‘zi bilan o‘zi ovora. O‘quvchilarimiz ham kun o‘targa kelishadi. Asosiy fanlarning o‘tilishi haminqadar. Shuning uchun o‘quvchilar o‘quv markazida bilim olishni afzal ko‘rishadi.
...Maqsad kimnidir tanqid qilish emas. Aksincha, maktabning nufuzini oshirish uchun jon kuydirayotgan insonlarning mehnatini qadrlashdir. O‘qituvchilarning ko‘proq pul topish maqsadida darsini tashlab, o‘quv markazlariga ketib qolishi to‘g‘ri emas.
Nigina SHOEVA,
jurnalist