Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘qlovdan ustoz jurnalistlar mamnun bo‘ldi
11:16 / 2023-08-20

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov andijonlik faxriy jurnalistlar holidan xabar oldi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqqan holda “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” bosh g‘oyasi ostida “Faxriy jurnalistlar doim e’tibor va e’zozda” deb nomlangan aksiya o‘tkazilmoqda.  

Mazkur aksiya doirasida Uyushma markaziy apparati va uning barcha hududiy bo‘limlari tomonidan joriy yilning 15 avgustidan 5 sentyabriga qadar jurnalistika sohasida uzoq yillar mehnat qilgan, ayni paytda faoliyatini davom ettirayotgan, keksalik gashtini surayotgan ustoz jurnalistlar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlar, yo‘qlovlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov Andijonda bo‘lib, bir guruh hamkasblari hamrohligida ustoz jurnalistlar holidan xabar oldi.  

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zolari – “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni, “El yurt hurmati” ordeni sohibi, yarim asr matbuot, jurnalistika sohasida samarali faoliyat yuritgan, Oltinko‘l tumanidagi Hasan-Husan mahallasida yashovchi ustoz Nazirjon Saidov hamda Buloqboshi tumani Kulla qishlog‘ida istiqomat qiluvchi jurnalist, publitsist, shoir, yozuvchi, xalq ta’limi a’lochisi sifatida el-yurt hurmatini qozongan, 1-guruh nogironi, ustoz Abduxalil Qoraboyev xonadonida bo‘ldi.

– Xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami oldidan o‘z davrining fidoyisi bo‘lgan, zaxmatkash ustozlarni yo‘qlash biz uchun ham qarz, ham farz, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov. – Ularning mazmunli hayot yo‘li, o‘zbek jurnalistikasi rivojiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shilgan ijodi biz uchun hamisha ibrat maktabidir.  

Suhbat davomida ustozlar faoliyati davomidagi xotiralari, bugungi kun jurnalistikasi, yosh kadrlarni tayyorlash kabi qator masalalarda fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.  

– Yo‘qlovdan, e’tibordan boshim ko‘kka yetdi, – deydi faxriy jurnalist Abduxalil Qoraboyev. – Jurnalistlar uyushmasi biz keksa jurnalistlarni unutmasdan “Faxriy jurnalistlar doim e’tibor va e’zozda” deb nomlangan aksiya o‘tkazayotganligi xo‘p xayrli va savob ish bo‘libdi. Buning uchun barcha tashkilotchilarga katta rahmat. Ilohim, bugungi tinch, farovon hayotimizga aslo ko‘z tegmasin.  

Yo‘lov davomida utoz jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining estalik sovg‘alari topshirildi.  

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA