Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoqilg‘idan voz kechamiz: elektromobillar ko‘paysa xarajatlar kamayadi, havo tozalanadi
18:12 / 2025-12-16

Mamlakatimizda transport sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar doirasida elektromobillar (EM) bozorining rivojlanishi muhim strategik ahamiyat kasb etmoqda. Jahon miqyosidagi ekologik chaqiriqlar, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotining energiya samaradorligini oshirish va atmosfera havosi tozaligini ta’minlash vazifalari ushbu yo‘nalishning ustuvorligini belgilab bermoqda.

Elektromobillarning dastlabki xarid narxi an’anaviy ichki yonuv dvigatelli avtomobillarnikidan yuqori bo‘lsa-da, ular ekspluatatsiya va texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlarida sezilarli darajada iqtisodiy tejamkorlikni namoyon etadi. Elektr energiyasi tariflarining benzin va dizel yoqilg‘isi narxlariga nisbatan pastligi tufayli 100 kilometr masofani bosib o‘tish xarajati bir necha barobar arzonga tushadi. Bundan tashqari, eletromobillarning konstruktiv soddaligi (harakatlanuvchi qismlar va murakkab moylash tizimlarining yo‘qligi) servis xarajatlarini keskin kamaytiradi va texnikaviy ko‘rik oralig‘ini uzaytiradi. Bu esa uzoq muddatli foydalanishda avtoparkni saqlash xarajatlarini optimallashtirish imkonini beradi.

Elektromobillarning asosiy ekologik afzalligi — ular harakatlanish chog‘ida atmosferaga zararli chiqindi gazlarni mutlaqo chiqarmasligidir. Bu jihat shahar havosining tozaligini ta’minlash, aholi salomatligini mustahkamlash va iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistondagi energetika tizimida quyosh va shamol kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushining ortishi bilan elektromobillardan foydalanishning umumiy ekologik samaradorligi yanada yuksaladi.

Xususiy avtotransportdan tashqari, elektrobuslarning jamoat transporti tizimiga integratsiyasi ham katta ahamiyatga ega. Elektrobuslardan yo‘lovchi oqimi yuqori bo‘lgan shahar yo‘nalishlarida foydalanish havoning ifloslanish darajasini sezilarli darajada pasaytiradi. Shuningdek, ularning past shovqin darajasi shahar muhitining akustik tozaligini oshirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda elektromobillar sonini oshirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar joriy etilmoqda. Jumladan, elektromobillarni import qilishda bojxona to‘lovlaridan ozod qilish bo‘yicha berilgan soliq imtiyozlari bozorni rag‘batlantirishda hal qiluvchi omil bo‘ldi. Shu bilan birga yirik aholi punktlari va asosiy magistral yo‘llarda quvvatlash stansiyalari (QS) infratuzilmasining jadal rivojlantirilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu choralar aholining elektromobillarga bo‘lgan ishonchini oshirish va ulardan foydalanish qulayligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Davlatimizning texnologik va sanoat salohiyatini oshirish maqsadida elektromobillarni mahalliylashtirish darajasini bosqichma-bosqich oshirish strategik vazifa etib belgilangan. Bu yo‘nalishdagi eng muhim qadam – bu Jizzax viloyatida Xitoyning jahon elektromobil ishlab chiqarish lideri BYD (Build Your Dreams) kompaniyasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma korxonadir. Ushbu loyiha doirasida dastlab yirik bo‘g‘imli yig‘ish usulida BYD Chazor va BYD Song Plus DM-i kabi mashhur modellar ishlab chiqarilmoqda. Kelgusi bosqichlarda mahalliylashtirish darajasini oshirish, shu jumladan, kuzovni payvandlash, bo‘yash va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilgan. BYD kabi xalqaro gigantning O‘zbekistonga kirib kelishi zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv tajribasini olib kirish orqali milliy avtomobil sanoatining sifat va samaradorlik jihatdan yangi darajaga ko‘tarilishiga zamin yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasining elektromobillar sohasida olib borayotgan tizimli siyosati iqtisodiy samaradorlik, ekologik tozalik va texnologik taraqqiyotni uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Xarajatlarni optimallashtirish, atrof-muhitni himoya qilish, elektrobuslarni joriy etish va Jizzaxdagi kabi mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlar O‘zbekistonning transport tizimi kelajagini belgilab, uning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

A.G‘afforov, O‘zA