Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoqilg‘i va birlamchi oziq-ovqatlar narxi o‘zgardi
11:49 / 2024-10-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi tomonidan joriy yilning sentyabrida oylik O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha iste’mol narxlari o‘rganildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning sentyabrda oylik inflyatsiya tezlashib 1,2 foizni tashkil etgan. Yillik inflyatsiya esa o‘tgan yilning yuqori bazasi hisobiga 10,5 foiz darajasida qolgan. Oy davomida Oziq-ovqatlar 1,4 foiz, nooziq-ovqatlar 0,8 foiz, xizmatlar 1,5 foizga qimmatlagan.

Muhim oziq-ovqatlardan mol go‘shti 3,1 foiz, tuxum 3 foiz, qo‘y go‘shti 2,8 foiz, kungaboqar yog‘i 2,1 foizga qimmatlagan. Sovuq tushmasdan turib, keng iste’moldagi bodring 19,6 foizga, sabzi 15,6 foizga, pomidor 11,3 foizga qimmatlagan. Tarvuz va piyoz narxi ham sezilarli ravishda oshgan.

O‘quv yili boshlanishi bilan ijara haqining keskin 5,5 foizga oshishi qayd etilgan. Dori vositalari inflyatsiyadan yuqori darajada qimmatlashishda davom etmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, oy davomida propan 15,7 foizga, benzin 0,8 foizga, metan 0,5 foizga qimmatlagan.

Benzin narxi asosiy iste’moldagi va narxi o‘sishdan to‘xtamayotgan AI-80 benzin ulushining qandayligi noma’lumligicha qolmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Markaziy bank prognozlarida belgilanganidek, yil yakunida umumiy inflyatsiyaning 9 foiz atrofida shakllanishi uchun yoqilg‘i va oziq-ovqatlar narxining o‘sishdan to‘xtamayotgani yetarlicha to‘sqinlik qilishi mumkin.

Sh.Mamaturopova, O‘zA