Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yoqilg‘i-energetika resurslaridan samarali foydalanish ta’minlanadi
11:57 / 2025-07-15

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Xalq vakillari dastlab, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Bugungi kunda tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining sud orqali himoya qilinishini ta’minlash, sudlarda ko‘riladigan ishlar bo‘yicha ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, mavjud cheklovlarni olib tashlash hamda tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishdagi ayrim majburiy talablarni qisqartirish bo‘yicha qonunchilikda bir qancha ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

[gallery-24326]

Muhokamada deputatlar ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olib, tadbirkorlik sub’ektlarining vaqt va mablag‘ bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlarini qisqartirish, sudlarda ko‘riladigan ishlar bo‘yicha ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, byurokratik tartib-taomillardan voz kechish orqali tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishni soddalashtirish zarurati mavjudligini alohida qayd etdilar.

Xususan, amaldagi qonunchilikka muvofiq soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha soliq organi tomonidan tadbirkorlik sub’ektining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turishning amaldagi tartibiga ko‘ra, bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni 10 kundan ko‘p muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan soliq organining iltimosnomasiga asosan qabul qilinishi belgilangan.

Bunda, mazkur toifadagi huquqbuzarlik tadbirkorlik sub’ekti tomonidan tan olingan va e’tiroz bildirmagan bo‘lsada, uning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni 10 kundan ko‘p bo‘lgan muddatga to‘xtatib turish faqatgina sudlar tomonidan amalga oshirilishiga oid talablar soliq to‘lovchilarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.

Mazkur qonun loyihasi bilan Iqtisodiy protsessual hamda Soliq kodekslariga soliqqa oid nizolarni tegishli sudlar tomonidan ko‘rib chiqish, shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektining banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish soliq organining qaroriga asosan amalga oshirilishi hamda soliq to‘lovchi tomonidan huquqbuzarlik holatlari bartaraf etilgan taqdirda soliq organi qarori darhol bekor qilinishi to‘g‘risidagi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Majlisda muhokama etilgan navbatdagi masala “Sudning mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlash choralari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Mazkur qonun loyihasi bilan sudda ko‘rib chiqilayotgan ishlarning har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilish yoki sud qarorining qabul qilinishi bo‘yicha sudyaga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazganlik uchun belgilangan jinoiy javobgarlik choralari takomillashtirilmoqda.

Shuningdek, nafaqat sud majlisi paytida, balki sud binosida sudga hurmatsizlik qilish holatlari uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Energetika sohasidagi islohotlar tizimning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishni, shu jumladan energiya resurslaridan foydalanish borasida joriy etilgan ayrim yangi tartib-taomillarning qonuniy asoslarini mustahkamlashni va ularda iste’molchilarning mas’uliyatini aniq belgilashni taqozo etmoqda.

Shundan kelib chiqib, bugun ikkinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasida energiya resurslaridan samarasiz foydalanish hamda elektr energiyasini ishlatish qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan qator normalar belgilanmoqda.

Xususan, loyihada energiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish va energiya resurslarini o‘zlashtirish holatlariga qarshi ta’sirchan choralar nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, “O‘zenergoinspeksiya”ning yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi vakolatlari aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini yanada kuchaytirishga, halol faoliyat yurituvchi sub’ektlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, qonuniylik va adolat tamoyillarini to‘liq ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

N.Nasriyev,

R.Nazarmatov(surat)

O‘zA