Navoiy kon-metallurgiya kombinatining barcha bo‘linmalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda quyosh fotoelektrstansiyalarini keng joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ma’muriy binolar, ishlab chiqarish ob’ektlariga geliokollektorlar o‘rnatilayotgani va zamonaviy fotoelektrstansiyalar ishga tushirilayotgani tabiiy resurslarni tejash bilan birga, ular ishlash jarayonida har tomonlama tejamkor, atrof-muhitga zararsiz, iqtisodiy samaradorlikka ega yechimlardan biri ekanini ko‘rsatmoqda.

– Keyingi yillarda bu borada boshqarmamizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Joriy yilda ham ishlab chiqarish bo‘linmalariga 756 ta, ishchi-xodimlar xonadonlariga 225 ta quyosh suv isitgichlari o‘rnatish rejalashtirilgan, - deydi Shimoliy kon boshqarmasi bosh energetigi Ahad Ortiqov. – O‘tgan yili Issiqlik, suv-gaz ta’minoti va oqova suvlar sexida eng yirik quyosh suv isitish stansiyasi foydalanishga topshirilgan edi. Hududda o‘rnatilgan 477 ta quyosh suv isitgichlari yordamida quyoshli kunlarda Temir yo‘l sexi qozonxonasining bir maromda ishlashi ta’minlandi. Bu korxona uchun har yili 80 ming kubometrdan ortiq tabiiy gazni tejash va sezilarli mablag‘larni iqtisod qilish imkonini bermoqda.

Kon boshqarmasida o‘tgan yillarda 2,5 ming kVt quvvatga ega quyosh fotoelektrstansiyalari qurib ishga tushirilgan bo‘lib, joriy yilning birinchi yarim yilligida 1,5 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish ob’ektlariga 1210 dona quyosh suv isitish tizimlari (geliokollektorlar) o‘rnatilishi natijasida joriy yilning shu davriga qadar 1,1 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri