Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yo‘qdan bor bo‘lgan umidlar
15:12 / 2021-10-06

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani haqida gap ketganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga cho‘l hudud gavdalanadi. Ammo tumanning xushmanzara tog‘li hududlari ham borki, u yerning so‘lim tabiati har qanday kishini o‘ziga rom etadi.

Tumandagi Quruqsoy qishlog‘i ana shunday chor atrofi purviqor tog‘lar bilan o‘ralgan, ajoyib tabiatli qishloqlardan biri. Tog‘da yashashning o‘ziga xos gashti bor. Toza havo, ziloldek shirin suv, o‘rmonzorlar va hokazo. Ammo shu bilan birga o‘ziga xos mashaqqati ham yetarlicha. Boisi tog‘da chorvachilik va bog‘dorchilikdan boshqa daromad manbai yo‘q.

Tuman markazidan 45 kilometr uzoqlikda joylashgan Quruqsoy qishlog‘i aholisi ham chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanishadi. Oqovasuv yo‘qligi bois ekin tekin asosan lalmi suv bilan yetishtiriladi. Buloqlardan chiqadigan suv esa ichimlikdan ortmaydi. Ayni paytda ushbu qishloqda 5 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Qishloq yigitlarining ko‘pchiligi ish yo‘qligi bois xorijga ishlab kelish uchun safarga ketishadi. Xotin-qizlar esa  doim uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band.    

Ta’kidlash lozimki, mamlakat rahbari tashabbusi bilan aholining kam ta’minlangan va ishsiz qatlamini maxsus daftarlarga taqsimlangan holda ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash tizimi yaxshi samara bermoqda. Ushbu islohotlar Quruqsoy qishlog‘i ayollariga ham umid bag‘ishladi.  

Shu qishloqlik Mehriniso Abdurahmonova ham ayollarga xos va mos bo‘lgan biror bir hunarning boshini tutib, oilasiga ko‘maklashishni ancha yillardan buyon orzu qilib yurardi. Bundan 1-2 yil muqaddam uning uchun bugungi kunlar shunchaki xayoldek tuyulardi. 8 nafar farzandning hali 4 tasi voyaga yetmagan, ulg‘ayganlari ota-ona qaramog‘ida. Serfarzand oila dastlab temir daftarga, oila bekasi keyinchalik ayollar daftariga kiritildi. Onameros tikuv mashinasi keltirayotgan daromad esa kundalik ehtiyojdan ortmaydi. Mehriniso Abdurahmonova oilasi uchun hammasini boshidan boshlashga qaror qilarkan, bugun bu qaroridan o‘zi ham behad shod.

– Mahalla markazida “Ayollar daftari”ga kirgan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitilayotganini eshitib, birinchilar qatorida borib, ro‘yxatga yozildim, – deydi M.Abdurahmonova. – Tikuvchilik hunari bilan yoshligimdan shug‘ullanib yurganim uchun o‘quv kursida tikuvchilik sirlarini yaxshi o‘zlashtirdim. Uch oy davomida o‘qib, bitirganlik to‘g‘risidagi sertifikatni olgach, tijorat banklaridan imtiyozli kredit ajratilishi haqida aytishdi. Omadim kelib, menga ham 26 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Ushbu mablag‘ga 5 ta zamonaviy tikuv mashinasi xarid qildik. Mo‘’jazgina tikuv sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik.  

Bankdan olingan kredit evaziga kichik bir sexga asos solgan qahramonimiz ayni paytda ayollar daftaridan chiqarilgan. Mehnati ortidan o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan. O‘zi orzu qilganidek qishloq xotin-qizlarini hunarga o‘rgatmoqda. Ularni yoniga olib ish bilan ta’minlamoqda.

– Rosti qishlog‘imiz qizlari umidsizlikka tushib qolgandi, – deydi Zarafshon Salimova. – Tog‘ yo‘llaridan o‘tib tuman markaziga borib ishlash qiz bola uchun ancha murakkab, o‘qishga hammaning ham imkoniyati yetmaydi. Qishloqda esa ro‘zg‘or tashvishlaridan boshqa ish yo‘q. Masalan, endigina 20 yoshga to‘ldim. Ishsizlikdan doim qiynalardim. Mehriniso opa tikuvchilik sexi ochganini eshitgach, shogird tushishga shoshildim. Mana hozir sexda men ham ishlayapman. Buyurtmaga qarab, turli liboslar tikyapmiz. Qishlog‘imizning o‘zida ish bilan ta’minlanganimdan o‘zim ham oila a’zolarim ham juda mamnun.  

Xo‘sh, tikuvchilik sexi ochgan bilan mahsulotni qayerga sotadi, degan haqli savol tug‘ilishi mumkin. Albatta, intiluvchan tadbirkor buning ham chorasini ko‘rib qo‘ygan. Sexda asosan mavsumiy liboslar tikiladi. U yerda erkaklar, ayollar va hatto bolalar kiyimlarini ham ko‘rish mumkin. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar mashinaga ortilib, ko‘chma do‘kon shaklida tumanda tashkil etiladigan bozorlarga sotiladi. Chiroqchi tumanida bozorlar juda katta bo‘ladi. Haftaning har bir kunida tumanning qaysidir burchagida bozorlar tashkil etilishini hisobga olsak, tikilgan mahsulotlarga talab doim bor. Buning uchun qaysidir tashkilotlar bilan shartnoma qilishga hojat yo‘q.

Qisqa fursatda hayoti tubdan o‘zgargan Mehriniso Abdurahmonova yaratilayotgan imkoniyatlarning o‘zi yashab turgan olis tog‘li hudud Quruqsoy qishlog‘ida ham bo‘y ko‘rsatayotganini mamnunlik bilan ta’kidlab o‘tdi. Qishloq ayollarining orzulari orzu bo‘lib qolmasdan, uning amalda o‘z ifodasini ko‘rsatayotganidan, bu ham bo‘lsa davlatimiz rahbari tomonidan ayollar bandligini ta’minlash yo‘lida olib borayotgan islohotlarning samarasi ekanligidan minnatdorligini bildirdi.

Mehriniso Abdurahmonova tashabbusi rostdan quruqsoylik xotin-qizlar uchun umid bo‘ldi. Hozirda sexda ko‘plab shogirdlar ham tikuvchilik sirlarini o‘rganmoqda. Aytish joizki Quruqsoy qishlog‘i tog‘li hudud bo‘lib, tuman aholisining turmush tarzi ham tog‘liklarga xos. Qishloqda ayolmi erkakmi mehnat bilan band. Ular orasida Mehriniso Abdurahmonova singari mehnati ortidan daromad topib, ro‘zg‘orini butlayotgan ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi.  

[gallery-4171]

Qishloq aholisi turmush tarzi bilan tanishar ekanmiz, uylar tomidan ko‘rinib turgan ishkomlarga osig‘liq uzumlar e’tiborimizni tortdi. Qishloqda ko‘pchilik xonadonlar tomorqalarida uzumchilik bilan ham shug‘ullanishadi.  

Masalan, shu qishloqlik Kimyo momo Hamzayeva ayni paytda 67 yoshda. Bir o‘g‘il va 10 nafar qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Turmushga chiqqanini yuzida tabassum bilan eslar ekan, qishloqning uyda qolgan ayollari ham bekor o‘tirmasligini ta’kidladi.  

– Hovlida ekilgan toklarning mevasini kuzda yig‘ib olib, tomga chiqarib, shifer ostiga osib chiqamiz, – deydi Kimyo momo. – Ko‘proq bo‘lsa, vayish ostilariga ham yoyamiz. Uzumning bu navini oq kishmish deydilar va biz undan osh mayiz tayyorlaymiz. Albatta, tokni parvarishlash erkaklarni ishi, mevasini mayiz qilish esa biz ayollarniki. Shu yo‘sinda uzumni oftobda quritib olamiz. Qishloq odamlari buni oftobi deyishadi. Quritilgan mayizlar elakda elanadi. Shunda saralari elakda qoladi. Maydalari tushib ketadi. Har mavsumda 100-150 kilogrammgacha osh mayiz tayyorlaymiz. Qishda bozorga olib borib sotiladi. Harna ro‘zg‘orga foyda-da.  

Darhaqiqat, toza havoli bu qishloqning odamlari ham sofdil va sodda. Erta tongdan dalaga shoshiladi, mol-qo‘yini boqadi. Bog‘ida mehnat qiladi. Halol mehnatdandan charchamaydi. G‘iybatni esa yomon ko‘radi.  

 

O‘lmas Barotov,  

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA