English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yopiq muassasalardagi sharoitlar talabga javob beradimi?
10:12 / 2026-03-03

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan qator yopiq muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Tashriflar doirasida 51-sonli manzil-koloniya, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining narkologiya xizmati bo‘yicha Toshkent shahar filiali, Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasi, Toshkent shahar “Saxovat” internat uyi va “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan erkaklar uchun internat uyidagi sharoitlar o‘rganildi.

Monitoring jarayonida yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoiti, oziq-ovqat ta’minoti, tibbiy xizmat ko‘rsatish, mehnatga jalb etish, uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar uchun mo‘ljallangan xonalar hamda murojaat qilish huquqini ta’minlash masalalari o‘rganildi. Shuningdek, kameralar va binolarning sanitariya holati, videokuzatuv tizimlari ko‘zdan kechirildi.

Xususan, Toshkent shahridagi Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasida sud ajrimlariga asosan aqli noraso deb topilib, majburiy davolanish o‘tayotgan 60 nafar bemorda shaxsini tasdiqlovchi hujjat yo‘qligi sababli ularni Tibbiy mehnat ekspert komissiyasi ko‘rigidan o‘tkazish hamda Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tomonidan nafaqa puli to‘lanishi to‘xtatilgani aniqlandi.

Shu bilan birga, ijtimoiy aloqalari (yaqinlari, qarindoshlari yoki vasiylari bilan bog‘lanish imkoni)ni yo‘qotgan bemorlar majburiy davolanishni davom ettirish maqsadida boshqa viloyatlarda joylashgan psixiatriya muassasalariga ko‘chirilayotganda, ularni temir yo‘l yoki avtobus orqali tashish jarayonida xavfsiz va belgilangan tartibda yetkazish uchun maxsus transport vositasiga ehtiyoj mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

51-sonli manzil-koloniyasida o‘tkazilgan monitoring doirasida mahkumlar bilan jamoaviy va xoli tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Murojaatlar nazoratga olinib, o‘rganish ishlari boshlandi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirish berildi.

Toshkent shahar “Muruvvat” internat uyida yashovchi nogironligi bo‘lgan erkaklar, jumladan mustaqil harakatlana olmaydiganlarga shart-sharoitlar yaratilgani aniqlandi. Shuningdek, kutubxona, to‘qish xonasi, sport zallari ham ko‘zdan kechirildi.

“Saxovat” internat uyida o‘tkazilgan monitoring tashrifida ham qariyalarga yaratilgan sharoitlar bo‘yicha kamchiliklar aniqlanmadi.

Monitoring natijalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritiladi. 

N.Abduraimova,

O‘zA