French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yopiq drenaj qurish vaqti kelmadimi? (+video)
13:52 / 2026-02-23

Prezidentimiz magistral yo‘l yoqalaridagi zovurlarni yopiq drenaj tizimiga o‘tkazish va o‘rnida xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini barpo etish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi.

Yozyovon tumanini A-3 Andijon – Toshkent xalqaro yo‘li qoq ikkiga  bo‘lib o‘tadi. Yo‘lning har ikki tomonida beso‘naqay zovurlar qamish bilan yopilgan edi. Hokimiyat tomonidan tanlov tashkil etilib, g‘olib tadbirkorlarga ma’lum qism – har biri 100 metrgacha uzunlikdagi zovurlar topshirildi.

Tadbirkorlar avvalo mazkur hududni tozalashdi, so‘ng esa yopiq drenaj uchun maxsus quvurlar o‘rnatildi. Ustki maydonlarda esa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, avtomobil ustaxonalari va oshxonalar qurilmoqda.

Hammasi qonuniy va qoidali amalga oshirilmoqda. Zovurlarning ochiq bo‘lgan qismi bugun yopiq drenaj holatda ishlab turibdi. O‘zlashtirilgan maydonda esa qo‘shimcha ish o‘rinlari barpo etilyapti.

Bu tasvirlar Beshariq tumanining Yangi hayot mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Shabboda ko‘chasi edi. Uni o‘tgan zamon fe’lida aytayotganimizning boisi bor albatta. Katta yo‘l yoqasidagi zovur yovvoyi o‘t bosib ketgan, suv ko‘lmaklashganda achqimtir hid tarqatar edi. Tuman hokimligi tashabbusi, mahalla ahli, faollar, deputatlar bilan kengashib bu yerni rohatijon saylgohga aylantirdilar. 3,5 mlrd so‘m sarflab bir kilometrdan ortiq zovurga maxsus quvurlar ko‘mildi va ochiq drenaj yopiq drenajga o‘tkazildi.

– Bu yo‘lagimiz 1100 metr. Ustini to‘liq berkitib, 1500 dan ortiq turli xil noyob manzarali daraxtlar ekdik, – deydi Beshariq tumani hokimi o‘rinbosari Otabek Alimatov. – Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun alohida yo‘lak tashkil etildi. Yoritish tarmoqlari to‘liq quyosh panellari orqali elektr energiyasi bilan ta’minlandi.

Bu ikki misoldan so‘ng melioratsiya sohasi mutaxassislari hisob kitob qilishsa, Farg‘ona viloyatida jami 15 ming kilometr ochiq zovur bor ekan. Zovur va ikki yonidagi yo‘lak yuzasi jami 30 metr bo‘lganida ham 45 ming gektar maydonni tashkil etar ekan. Xo‘sh, uning o‘n foizini yopiq drenaj usuliga o‘tkazilsa-chi? 4,5 ming gektar qo‘shimcha yer paydo bo‘ladi. Unda nafaqat tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil qilish, balki poliz, sabzavot, hatto paxta va g‘alla ekib dehqonchilik qilish mumkin, deydi mutaxassislar. Shunday ekan, ichki qo‘rquvni tark etib, yopiq drenajlar qurish vaqti kelmadimi?

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pgLSmS67_-c" title="Yopiq drenaj qurish vaqti kelmadimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov,

Elyor Olimov (video), O‘zA muxbirlari