Namangan viloyatida kuz-qish mavsumiga hozirlik doirasida profilaktik tadbirlar va ta’lim muassasalarida yoshlar, o‘qituvchilar ishtirokida uchrashuv hamda o‘quv mashg‘ulotlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Ta’kidlash lozim, shu yil 8 oktyabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishuvida, hozir favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlari asosan davlat idoralarida amalga oshirilayotgani, lekin bunday holatlarning 70 foizdan ortig‘i aholi xonadonlarida nosoz, muddati o‘tgan gaz va elektr jihozlaridan foydalanish, xavfsizlik madaniyatiga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelayotgani, shuning uchun tizim ishini mahallalarda tashkillab, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfsizlik madaniyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar bilan har bir mahalla, har bir ko‘cha va xonadonni qamrab olishi zarurligi qayd etildi.

Ushbu topshiriqlar ijrosidan kelib chiqqan holda, Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan Chortoq tumanida “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kompaniyasi” oyligi munosabati bilan sovuq kunlarga tayyorgarlik ishlari doirasida amaliy tadbir tashkil etildi.

Tadbirga viloyat va tuman favqulodda vaziyatlar tizimi tomonidan jalb etilgan bo‘lim shaxsiy tarkibi hamda daxldor tashkilotlar xodimlariga profilaktik mashg‘ulotlarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan yo‘riqnoma berildi.

– Dastavval, tumandagi “Do‘stlik” va “Arbag‘ish” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida joylashgan ko‘p qavatli uylar, aholi yashash xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorligi o‘rganilib, yuz berishi mumkin bo‘lgan yong‘in, chaqnash, is gazi va botulizm kasalliklarining oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlari olib borildi, – deydi viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas’ul xodimi, mayor Qahramon Sattorov. – Qolaversa, Chortoq tumani ixtisoslashtirilgan maktabida mavsumga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, zilzila vaqtida qanday harakatlanish to‘g‘risida tushunchalar berilib, jamoa a’zolarida ko‘nikmalar hosil qilindi.

Tadbirda “Mahalla yettiligi” va umumta’lim maktabi xodimlari tomonidan kuz-qish mavsumida xonadonlarni isitish uchun mo‘ljallangan pechlarni o‘rnatish talab va qoidalari aks etgan eslatma ko‘rgazmalar yordamida tushuntirish ishlari amalga oshirildi.

Do‘stlik mahallasi hududida barpo etilayotgan ko‘p qavatli binoda quruvchilar bilan uchrashib, texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish yuzasidan suhbatlar o‘tkazildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA