Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Yong‘in xavfsizligiga bag‘ishlangan seminar
11:31 / 2024-12-06

Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “O‘ta muhim toifalangan ob’ektlarda fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, yong‘in xavfsizligi xizmati, tibbiyot bo‘linmalari xodimlari, safarbarlik bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, zavod ishchi-xodimlari ishtirok etdi.  

Dastlab fuqaro muhofazasi kuch va vositalari namoyishi tashkil etildi. 99265-harbiy qism xizmatchilari taktik va qutqaruv operatsiyalarini namoyish qiluvchi ko‘rgazmali chiqishlarini ishtirokchilar e’tiboriga havola etdi.  

Yig‘ilganlarga favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda foydalaniladigan zamonaviy harbiy texnika, ixtisoslashtirilgan yong‘inga qarshi uskunalar, shu jumladan, eng yangi yong‘inga qarshi vositalar va qurilmalar, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan tibbiy asbob-uskunalar, kimyoviy va gazga xavfli hududlarda ishlash uchun qutqaruv moslamalari va jihozlari namoyish qilindi.  

Seminarni zavod bosh muhandisi Baxtiyor Mustafoyev ochib neftni qayta ishlash korxonalarida fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligini ta’minlash muhimligini alohida ta’kidladi.  

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Topil Maxamadziyayev toifalangan ob’ektlarda xavfsizlikni ta’minlashga kompleks yondashuv muhimligini ta’kidlab, bu boradagi davlat strategiyasi haqida gapirdi.  

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Zuhriddin Qahramonov “Fuqaro muhofazasi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish va xavflarni boshqarishning ilg‘or usullarini joriy etishda davlat organlarining roli” mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Hikmatilla Yusupov joriy vaziyat tahlili va strategik ob’ektlarda xavfsizlik darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni taqdim etdi.  

Fuqaro muhofazasi sohasida mutaxassislar tayyorlash va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti dotsenti Nodirjon Jumayev o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.  

Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va hisobot berish boshqarmasi boshlig‘i, mayor Timur Normirzayev favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish uchun raqamli texnologiyalar va avtomatlashtirilgan monitoring tizimlaridan foydalanish imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.  

Mashg‘ulot ishtirokchilari favqulodda vaziyatlarda harakat qilish algoritmlarini, jumladan, shartli yong‘inni o‘chirish, xodimlarni evakuatsiya qilish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va gaz sizib chiqishi oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshiriladi ishlarni namoyish etdi.  

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri