Qashqadaryo viloyati neft va gazni qazib olish, qayta ishlash sohasida nafaqat respublikamiz balki, O‘rta Osiyodagi yirik sanoat zonalardan biri hisoblanadi.
Bunday yirik sanoat korxonalarining uzluksiz ishlash jarayonida yong‘in chiqish va portlash xavfi yuqoriligi hech kimga sir emas.
Shu bois ushbu ob’ektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash, neft mahsulotlarini yong‘in ofatlaridan saqlash hamisha dolzarb vazifa bo‘lib kelgan.

Ushbu mashaqqatli vazifalarni ado etish Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining joylardagi o‘nga yaqin ob’ekt binolarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘lim va bo‘linmalari zimmasiga yuklatilgan.
Ayni damda respublikamiz bo‘ylab kuzatilayotgan noqulay ob-havo sharoiti soha mutasaddilarini hushyor va ehtiyotkorlik bilan xizmat olib borishini talab etadi.
Shu munosabat bilan Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining joylardagi yonish va portlash xavfi yuqori ob’ekt binolarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘lim mas’ullari tomonidan turli noxushliklarning oldini olishga qaratilgan qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, neft bazalar, neft va neft’ mahsulotlarini saqlash rezervuar parklari hamda ularni to‘kish va quyish estakadalarida sovitish tizimini ishga tushirish hamda neft mahsulotlarini tashuvchi texnikalarning texnik sozligiga e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, yengil alangalanuvchi suyuqlik va gazlar, kuchli ta’sir etuvchi kimyoviy moddalarni temir yo‘l va avtomobil transportida tashish jarayonida “Xavfli yuklarni tashish qoidalari” va reglament talablariga qat’iy rioya etilishi ustidan nazorat ishlari olib borilmoqda.
Shu qatori joylarda fuqaro muhofazasi tuzilmalari, qutqaruv xizmatining jangovar bo‘linmalarining navbatchiligi tashkil etilib, ro‘y berishi mumkin bo‘lgan turli favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan nazorat va profilaktik tadbirlar uzluksiz yo‘lga qo‘yilgan.

O‘lmas Barotov, O‘zA